“Agar bu zotni avliyo desak, u – avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak – mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak – shoirlarning sultonidir. Inson qalbining quvonchu qayg‘usini, ezgulik va hayot mazmunini Navoiydek teran ifoda etgan shoir jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam topiladi”.
Hazrat Alisher Navoiyga cheksiz ixlos va faxr bilan aytilgan bu so‘zlar Islom Karimovga tegishli. Mundoq o‘ylab qarasak, O‘zbekiston mustaqilligi ma’naviy asoslarini yaratishda, milliy g‘urur va milliy mafkura poydevori qo‘yilayotganda ham ana shu ixlos va g‘urur – tayanch bo‘lib xizmat qilgan bo‘lsa, ne ajab.
![]() |
![]() |
Hali sobiq tuzum davrining so‘nggi yillaridan boshlaboq, hazrat Navoiy merosiga nisbatan e’tibor va e’tirof yangicha ko‘rinish kasb eta boshlagan, butun boshli 1991 yil “Alisher Navoiy yili” deb atalgandi. Shu tariqa mustaqillikning ilk yili – istiqlol solnomalarida shunday nom bilan qoldi. O‘sha yili poytaxtda ulug‘ bobomizning muazzam haykali o‘rnatildi, Milliy bog‘ga ham u kishining muborak nomi berildi.
Keyinchalik Samarqand va Navoiy shaharlarida buyuk ajdodimizning haykallari qad rostladi, poytaxtda O‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilib, u ham Alisher Navoiy nomi bilan ataldi. Ayni damda poytaxtdagi metro bekati, Respublikamizning har bir yirik shahridagi ko‘cha va xiyobonlar, bog‘ va sayilgohlar, kutubxonalar shu nom bilan ataladi.
Lekin gap faqat haykal qo‘yishda va nomlashda emas. Gap – ulug‘ bobokalonimiz ma’naviy merosini o‘rganishda, anglab yetishda, unga xos va mos yashashda.
Shukurki, bu yo‘ldagi harakatlar allaqachon boshlangan va u davom etmoqda. Kuni kecha shoir nomi bilan atalgan Navoiy shahrida – buyuk ajdodimiz tavalludining 584 yilligi munosabati bilan, dunyoning 20 ga yaqin davlatidan tashrif buyurgan navoiyshunos olimlar hamda respublikamizning barcha hududlaridan taniqli professor-o‘qituvchilar, ijodkor ziyolilar, ma’naviyat sohasi fidoyilari ishtirokida – “Alisher Navoiy va Sharq Renesansi” mavzusida IV xalqaro simpozium bo‘lib o‘tgani fikrimizning yaqqol dadilidir. Shoir aytganidek,
Minoradek marmar haykali
Ko‘rinsa ham hatto Hirotga,
Qavmin uyi tursa chayqalib,
To‘yi tatirmikan u zotga?..
...Buyuk shoir deyish-ku oson,
Xitoblarga qo‘shilib. Lekin
Navoiyning to‘yi,
Biz qachon –
Arvohini shod etolgan kun!
![]() |
![]() |
Bugun ulug‘ bobokalonimiz so‘zlari, asarlari Yangi O‘zbekiston bo‘ylab, butun dunyo bo‘ylab o‘zining yuksak parvozini davom ettirmoqda.
F.Qurbonboyev fotosuratlari