ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

SOLNOMA


17.09.2020

1996 yil 1 sentyabr

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov poytaxtimizda Olimpiya shon-shuhrati muzeyining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

2006 yil 1 sentyabr

Prezident Islom Karimov Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Ostona shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining norasmiy sammitida ishtirok etdi. Markaziy Osiyo davlatlarining suv-energetika konsorsiumini tuzish ishlarini jadallashtirish mavzusi kun tartibidagi asosiy masalalardan biri bo‘ldi.

1995 yil 2 sentyabr

Toshkentda Respublika Qurolli Kuchlari akademiyasining rasmiy ochilish marosimi bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti – Respublika Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Islom Karimov tantanali yig‘ilishda ma'ruza qildi.

1995 yil 2 sentyabr

Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida birinchi Markaziy Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi. Prezident Islom Karimov sportchilarni, mehmonlar va sport muxlislarini tabrikladi.

1996 yil 2 sentyabr

«Yunusobod» tennis majmuasida «Prezident kubogi» xalqaro turniri boshlandi. Musobaqaning rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.

2008 yil 2 sentyabr

Prezident Islom Karimov Do‘rmon qarorgohida Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Vladimir Putinni qabul qildi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, sarmoyaviy hamkorlikni, gumanitar sohadagi aloqalarni yanada kengaytirish, siyosiy munosabatlarni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

2015 yil 2-3 sentyabr

Prezident Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szin'pinning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Pekin shahrida bo‘ldi. Davlatimiz rahbari Pekin shahrida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 70 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimlarda ishtirok etdi. Tashrif asnosida Prezident Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szin'pin bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotgani, siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, moliya, qurilish, ilm-fan, ta'lim, madaniyat sohalaridagi keng ko‘lamli hamkorlik izchil rivojlanayotgani qayd etildi.

1999 yil 3 sentyabr

Prezident Islom Karimov Toshkent Islom universitetining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

1993 yil 4 sentyabr

Prezident Islom Karimov poytaxtimizdagi «Turkiston» saroyining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Unda Prezident quruvchilar jamoasiga minnatdorlik bildirib, xalqimizni ushbu madaniy-ma'naviy markazning ishga tushishi bilan qutladi.

1995 yil 4 sentyabr

Gruziya davlati rahbari Eduard Shevardnadze rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Xalqlar do‘stligi saroyida O‘zbekiston va Gruziya davlatlari rasmiy delegasiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar so‘ngida ikki mamlakat o‘rtasida hukumatlararo va muassasalararo 20dan ziyod hujjat qabul qilindi.

Prezidentlar Islom Karimov va Eduard Shevardnadze safar nihoyasida yirik davlat arbobi Sharof Rashidov qabrini ziyorat qilib, yodgorlik poyiga gullar qo‘ydilar.

2001 yil 4 sentyabr

Prezident Islom Karimov Oqsaroy qarorgohida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi birinchi vise-prezidenti Vitaliy Smirnovni qabul qildi. Milliy olimpiya qo‘mitalari uyushmasi O‘zbekistonning sport sohasida erishayotgan ulkan muvaffqiyatlarini e'tiborga olib, xalqaro olimpiya harakatiga qo‘shayotgan salmoqli hissasi uchun Prezident Islom Karimovni mazkur tashkilotning oliy mukofoti — oltin nishoni va esdalik plastinasi bilan taqdirladi. Uchrashuvda V.Smirnov Milliy olimpiya qo‘mitalari uyushmasining oliy mukofotini Islom Karimovga tantanali ravishda topshirdi.

1991 yil 5 sentyabr

Prezident Islom Karimovning farmoniga asosan Toshkent shahridagi V.I. Lenin nomidagi maydon Mustaqillik maydoni deb qayta nomlandi.

2008 yil 5 sentyabr

Prezident Islom Karimov Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) sammitida ishtirok etdi. Dastlab ODKB Kollektiv xavfsizlik kengashining tor doiradagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, bu yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

1991 yil 6 sentyabr

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi tuzildi.

2012 yil 6-7 sentyabr

Prezident Islom Karimov Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Qozog‘iston poytaxti Ostona shahriga jo‘nab ketdi. Ikki davlat rahbarlari tor doiradagi va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda O‘zbekiston — Qozog‘iston munosabatlarini rivojlantirishning muhim masalalarini, Markaziy Osiyo va uning atrofidagi vaziyat, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb xalqaro muammolarni atroflicha muhokama qildilar. Muzokaralar yakuni bo‘yicha Islom Karimov va Nursulton Nazarboev qo‘shma bayonot imzoladilar. Shuningdek, shaxslarni readmissiya qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitim va boshqa qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

1993 yil 16 sentyabr

Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov islom olamining yirik vakili Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligi tantanalari munosabati bilan Buxoro viloyatida bo‘ldi. Yurtboshimiz Bahouddin Naqshbandning muqaddas qadamjosini ziyorat qilib, buyuk mutasavvufning tavalludi munosabati bilan o‘tkazilgan anjumanda ishtirok etdi.

 2010 yil 20 sentyabr

Prezident Islom Karimov BMT Bosh Kotibi Pan Gi Munning taklifiga binoan BMT Bosh Assambleyasining Mingyillik rivojlanish maqsadlari bo‘yicha oliy darajadagi yalpi majlisida ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari mazkur sammitda nutq so‘zladi. Prezident Islom Karimov BMT minbaridan so‘zlagan nutqida Mingyillik rivojlanish maqsadlari doirasida O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilgan ishlar, mamlakatimizning BMT bilan hamkorligi, Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlar, mintaqaviy xavfsizlik va ekologiya muammolari, Afg‘oniston mojarosiga alohida to‘xtaldi.

1998 yil 23 sentabr

Vazirlar Mahkamasining Raisi Islom Karimov «Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li — Ogahiy tavalludining 190 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi.

1991 yil 24 sentabr

Toshkentda o‘zbeklar (turkistonliklar)ning birinchi xalqaro uchrashuvi bo‘ldi. Uchrashuvda hozirda chet el mamlakatlarida, jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Germaniya, Afg‘oniston, Saudiya Arabistoni, Suriya, Iordaniya, Turkiya, Avstraliyada yashayotgan o‘zbek vatandoshlarimiz, qardosh qo‘shni respublikalardan kelgan mehmonlar ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov uchrashuv qatnashchilarini samimiy tabriklab nutq so‘zladi.

1992 yil 30 sentabr

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Finlyandiya Respublikasining Prezidenti Mauno Koyvisto boshchiligidagi davlat delegatsiyasini kutib oldi.

Shu kuni Prezident Islom Karimovning Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Mauno Koyvisto bilan yakkama-yakka uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Finlyandiya Respublikasi hukumati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik haqidagi qator bitimlar imzolandi.

2003 yil 30 sentabr

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Islom taraqqiyot banki prezidenti Ahmad Muhammad Alini qabul qildi. Uchrashuvda mazkur bank bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, birgalikda yangi loyihalar tuzish va amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.