ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

QUTLUG‘ YOSH MUBORAK!


19.01.2026

Bugun taniqli yozuvchi Xayriddin Sultonov tavalludiga 70 yil to‘ldi. X.Sultonov 1956 yil 19 yanvar kuni Toshkent viloyati Qibray tumanida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist. 1978 yilda ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1974 yilda “Guliston” jurnalida boshlagan. Keyinchalik “Yoshlik” jurnalida, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida ishlagan. 1993 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga ishga o‘tib, axborot-tahliliy xizmati boshlig‘i, Davlat maslahatchisi vazifalarida mehnat qilgan. Hozirgi kunda Prezident maslahatchisi – spichrayter lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Yozuvchining ilk kitobi – “Quyosh barchaga barobar” hikoyalar to‘plami 1980 yilda chop etilgan.
Shundan so‘ng “Bir kecha ertagi”, “Onamning yurti”, “Umr esa o‘tmoqda”, “Boburning tushlari”, “Yo‘qchilik va to‘qchilik”, “Saodat sohili”, “Boburiynoma”, “Uch yuz oltmish to‘rt kun”, “Ko‘ngil ozodadur”, “Odamlardan tinglab hikoya”, “Ishonch telefoni”, “Navoiy–30” kabi kitoblari chop etilgan.
“Changak”, “Moziydan bir sahifa”, “Mehrobdan chayon”, “Tushlarimda ko‘rib yig‘layman”, “Yolg‘iz yodgorim”, “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” singari badiiy filmlar ssenariylari muallifi.
2025 yilda adibning “O‘tkan kunlar” romaniga ilova tarzida yozilgan “Yaldo kechasi” tarixiy hujjatlar asosidagi badiiy romani chop etildi va jamoatchilik tomonidan keng muhokamalarga sabab bo‘lib, iliq kutib olindi.
Darvoqe, bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan yozuvchi “O‘zbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi” faxriy unvoni bilan mukofotlandi.
Xalqimizning ardoqli yozuvchisini 70 yillik tavallud to‘yi bilan Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi nomidan samimiy tabriklaymiz!