Xalqimizga xos mehr-oqibat, insonparvarlik, shukronalik, saxovat va bag‘rikenglik kabi ezgu fazilatlar timsoli hisoblangan Ramazon, Qurbon hayitlari 34 yil oldin, 1991 yil 11 aprelda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan imzolangan Farmonga asosan, xalqning o‘ziga ramziy ma’noda qaytarib berilgan edi. Hayitlarning birinchi kunlari esa dam olish kuni deb e’lon qilindi. Shu ma’noda bugun bu bayramlarni “tiklangan qadriyat ayyomi” deyishimiz mumkin. Islom Karimovning o‘z iborasi bilan aytganda, “Inson e’tiqodsiz, iymonsiz yashay olmaydi. Chunki komil va sobit e’tiqod jamiyat ma’naviy qiyofasini belgilaydi. Bu borada Islom dini katta ahamiyatga ega”.
Shu bilan birga, Bosh qomusimizda fuqarolar millati, irqi va dinidan qat’i nazar, teng huquqli ekanligi belgilangan. Ularning vijdon erkinligi, urf-odatlari, milliy an’analari hurmat qilinishi qonunan kafolatlangan. Diniy erkinlik siyosati o‘laroq bugun yurtimizda yashab kelayotgan 130 dan ortiq millat vakillari uchun 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2 mingdan ziyod diniy tashkilotlar faoliyat yuritmoqda.
Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasidagi “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasida ochilgan yangi fotoekspozitsiya – Birinchi Prezident faoliyati davrida yurtimizda e’tiqod erkinligi, qolaversa, milliy va diniy qadriyatlarimiz tiklanishi yo‘lida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlandi.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Shu kunlarda nishonlaydiganimiz – muqaddas bayram mohiyatida mujassam bo‘lgan tinchlik, do‘stlik va hamkorlik, insonparvarlik g‘oyalari bugungi Yangi O‘zbekistonning maqsad va vazifalariga ham uyg‘un va hamohangdir. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Yurtimizdagi har bir mahalla, shahar va qishloqdagi tinchlik va obodlik, jamiyatimizdagi o‘zaro hurmat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda Qurbon hayiti singari azaliy bayram va qadriyatlarimizning o‘rni va ta’siri tobora ortib bormoqda”.
Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni Qurbon hayiti bilan samimiy qutlab, ilohim, barcha pok, ezgu niyatlarimiz amalga oshsin, deymiz!
F.Qurbonboyev va T.Qurbonboyev fotosuratlari