ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

QISHKI QARORGOH


11.06.2025

Me’moriy obida degani shunchaki bir bino emas, u – san’at mahsuli. Basharti o‘sha mahsul deganimiz tarixiylikka, millatning yaqin yoxud yiroqligidan qat’iy nazar – o‘tmishiga, taqdiriga, uning yetakchisiga daxldor bo‘lsa, har qanday odamda ham ayricha bir qiziqishni uyg‘otishi tabiiy.
Ma’lumki, Birinchi Prezident Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 apreldagi qaroriga muvofiq yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur siyosiy qarorning o‘ziga xosligi, dunyoning biror mamlakatida o‘xshashi yo‘qligi shundaki, majmua uchun mustaqil davlatimiz asoschisi uzoq yillar mehnat qilgan Oqsaroy qarorgohi hududi tanlangan.


Ta’kidlash o‘rinliki, bir necha bino va unga tutash hududni o‘z ichiga olgan yodgorlik majmuasining o‘zi – mahobatli bo‘lish barobarida, juda kamtarona, hatto shinam deyishimiz mumkin. Bundagi hech bir joyda ortiqcha hashamni ilg‘amaysiz, o‘z davrida barcha e’tibor ishni samarali yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Agar majmuani ramziy ma’noda mohirona tizilgan marjonga qiyoslasangiz, 1996 yilda foydalanishga topshirilgan “Qishki qarorgoh” – o‘sha marjonning ajralmas bir bo‘lagi. O‘zingizdan qolar gap yo‘q, inson zoti bajaradigan har qanday yumushning ham o‘ziga xos murakkabligi, mas’uliyati, og‘irligi bor. Ana endi, yurt taqdirini bevosita o‘z yelkasiga olgan, uning qayg‘usini o‘zining kundalik yumushi hisoblaydigan – Prezidentnikini tasavvur qilavering: kun va tun qorishib ketadi, to‘g‘rimi? Bugun bu iborani yangicha qilib, “24 ga 7 rejimi” deymiz. Hozir tavsiflayotganimiz – bu binoda esa buning uchun barcha zarur sharoit yaratig‘liq bo‘lgan.
Bino loyihasi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan arxitektor Rem Adilovga tegishli, loyihaga esa bevosita akademik Azamat To‘xtayev rahbarlik qilgan. Ikki qavatli bino o‘zida barcha mumtoz an’analarni mujassam etgan, bular – qulaylik, mahobat, fundamentalizm. Bevosita xorijlik mutaxassislar ishtirokida yasalgan arkali derazalar, ichki hovlining fusunkor manzarasi hamda o‘zaro uyg‘unlashib ketgan Sharq va Yevropa arxitekturasining boshqa elementlari – bino umumiy konsepsiyasiga mohirona singdirib yuborilgan.
Qarorgohning chap qanotida bir paytlar sport zali va basseyn joylashgan edi. Yodgorlik majmuasi barpo etilishi jarayonida ular rekonstruksiya qilinib, “Butun olamni jo qilgan yurak” doimiy ko‘rgazmasi uchun ajratildi.

   
   
   
   


Binoning markaziy qismida anjumanlar zali, qabullar xonasi va boshqa inshootlar bor. Bu yerdagi hamma narsa Birinchi Prezident faoliyat yuritgan davrida qanday bo‘lgan bo‘lsa, o‘shandoq ko‘rinishda saqlab qolingan. Bunda ajib muhit hukmron: mebel, dizayn, u o‘tirgan kursi, u ishlagan stol, bir paytlar quvnab va yo darg‘azab bo‘lib gaplashgan telefon apparati... Hammasi qadrli, har bir buyum Islom Karimovni yodga solib turadi.
Bino tegrasidagi landshaft dizayni g‘oyasi bevosita Islom Karimovning o‘ziga tegishli. Ko‘plab noyob daraxtlar, butalar va ekzotik o‘simliklarning turfa va antiqa turlari xorijdan keltirilgan, ba’zilari esa sovg‘a sifatida berilgan. Majmua hududini baayni nabodot dunyosidagi – jo‘g‘rofiy turfalikdan iborat noyob bog‘ga mengzash mumkin: oq qayinlaru ulug‘vor qarag‘aylar, ular yonida o‘sgan nozik akatsiyalar, magnoliyalar, sakuralar, xitoy atirgullari... Dunyoning eng anvoyi chamanzoridan biri.
Islom Karimovning o‘zi esa, rafiqasi Tatyana Akbarovnaning guvohlik berishicha, tabiatni, borliqni shunchaki sevib qo‘ya qolmagan, balki yilning istalgan faslida – uning boshqa fasllaridagi ko‘rinishini, manzarasini, o‘shal manzaralar bilan bog‘liq xotiralari bilan birga sog‘ingan, ularga talpinib yashagan. Tabiatning abadiy uyg‘unligini qadrlagan inson esa – go‘zallikka oshno qalb sohibi, degan ta’rifga har jihatdan munosib...
T.Qurbonboyev fotosuratlari