ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Qashqadaryo mening yuragimda


16.05.2022

11-12 may kunlari Qashqadaryo viloyatida an’anaviy “Islom Karimov o‘qishlari” doirasida respublika ilmiy anjumani o‘tkazildi. Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tomonidan tashkil etilgan bu yilgi konferensiyaning mavzusi: “O‘zbekiston mustaqillikka erishish yo‘lida: shart-sharoitlar, ilk qadamlar va islohotlar”.

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti hayoti va faoliyatida Qashqadaryo viloyati alohida o‘rin egallagan. Buni Islom Abdug‘anievichning o‘zi ham doimo ta’kidlab kelgan.     

“Eng og‘ir kunlarimda Qashqadaryo xalqi menga cheksiz hurmat, ishonch bildirgan va xar tomonlama qo‘llab-quvvatlagan. Meni o‘z o‘g‘lidek qabul qilgan qalbi pok Qashqadaryo xalqi oldida yana bir bor bosh egaman”, deya Islom Karimov viloyat ahliga o‘zining cheksiz hurmatini ifoda etgan.

12 may kuni erta tongda Qarshi shahrining markazida o‘rnatilgan Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

 
 
 
     

Tadbirda Birinchi Prezidentning rafiqasi Tatyana Karimova, Yodgorlik majmuasi xodimlari, Qashqadaryo viloyati faollari, keng jamoatchilik vakillari, talaba yoshlar hozir bo‘ldilar. Konferensiyani tashkil etishda Qashqadaryo viloyati rahbariyatidan tortib, mutasaddi idoralar, ta’lim muassasalari va jamoat tashkilotlari yaqindan yordam berganini alohida ta’kidlash joiz.

Viloyat hokimligi binosida tashkil etilgan “Qashqadaryo-mening yuragimda” fotoko‘rgazmasi hamda “Vatanga baxshida umr” kitoblar ko‘rgazmasini tadbir qatnashchilari katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdilar. Fotosuratlar ko‘rgazmasi ayniqsa Islom Karimovning o‘sha yillardagi safdoshlari-viloyat faxriylarida katta taassurot qoldirdi.

Hokimiyatning majlislar zalida ilmiy anjumanning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yodgorlik majmuasi rahbari Temur Shirinov yig‘ilganlarni qutlab, mazkur tadbirning Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish borasidagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Davlatimiz rahbari Prezident Shavkat Mirziyoevga ushbu yo‘nalishda ko‘rsatayotgan e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun minnatdorlik bildirdi.  Qashqadaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshev ilmiy anjuman qatnashchilariga samimiy tilaklarini bildirib, Islom Karimovning viloyat taraqqiyotiga qo‘shgan mislsiz hissasi, bugungi kunda vohani rivojlantirish yo‘lida Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida ma’ruza qildi. Yodgorlik majmuasi Vasiylik kengashining a’zosi, Birinchi Prezidentning rafiqasi Tatyana Karimova o‘z so‘zida 90-chi yillarning boshida hukm surgan og‘ir vaziyat, Qashqadaryo viloyatining o‘sha kezlardagi tang ahvoli, Islom Abdug‘anievichning viloyat rahbari sifatida boshidan kechirgan tashvishli va quvonchli kunlarini yodga oldi. Tatyana Akbarovna yig‘ilganlarga murojaat qilib: “Samimiy chehrangizga, mehr to‘la ko‘zlaringizga qarab, Islom Karimovning xotirasiga nisbatan cheksiz hurmatni his etyapman. Men uchun bu juda muhim”, dedi hamda anjumanning samarali va sermazmun o‘tishiga ishonch bildirdi.

     
 
 
 
     

Yalpi majlisda “Islom Karimov fenomeni” (T.Shirinov), “Islom Karimovning milliy oliy ta’lim tizmini yaratishdagi xizmatlari” (D.Nabiev), “Islom Karimov: atoqli rahbarning ibratli saboqlari” (A.Erkaev), “Islom Karimov tarixiy hodisa sifatida” (N.Juraev), “Ikki buyuk siymo: Amir Temur va Islom Karimov” (O.Bo‘riev), kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi. Viloyat hokimi maslahatchisi Yanvar Inoyatov xotiralari davraga o‘zgacha fayz baxsh etdi.

     

Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ehson marosimida, Birinchi Prezidentning xotirasiga bag‘ishlab Qur’on tilovat qilindi.

     
 

Ilmiy anjumanning sho‘‘ba yig‘ilishlari kunning ikkinchi yarmida Qarshi Davlat universitetida o‘tkazildi.

     
 

Qashqadaryoga ikki kunlik safar davomida anjuman tashkilotchilari Qarshi shahridagi diqqatga sazovor  joylarni ziyorat qildilar.

     
 
     

Ilmiy konferensiyaga bag‘ishlab yodgorlik majmuasining ilmiy-ma’rifiy bo‘limi xodimlari tomonidan  “Islom Karimov o‘qishlari: O‘zbekiston mustaqillikka erishish yo‘lida” nomli  konferensiya materiallari to‘plami nashr etildi. Kitobga kiritilgan maqolalar majmua saytining “Maqolalar” sahifasida to‘liq berib boriladi. 

     

F.Kurbanbaev fotosuratlari