ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi Yodgorlik majmuasi faoliyatining bir yilligi munosabati bilan tabrik


25.04.2018

Hurmatli hamkasblar,

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil etilganiga ropppa-rosa bir yil to‘ldi. Bu mustaqil O‘zbekiston asoschisi yorqin xotirasini abadiylashtirish ishida muhim qadam bo‘ldi.

"O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi" yuksak maqomga ega Yodgorlik majmuasi oldida keng ko‘lamli vazifalar qo‘yilgan. Ularning asosiylari Islom Karimov hayoti, serqirra faoliyati va merosini o‘rganish bo‘yicha fundamental ishlarni tizimli asosda olib borish, shuningdek tegishli ilmiy-tadqiqot, ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishdan iboratdir.

O‘tgan yili Yodgorlik majmuasi tomonidan Nizomda belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi.

Katta hajmda foto va video materiallar to‘plandi, shuningdek Islom Karimovning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq ashyolar hisobga olindi va ta’riflandi. Bularning barchasi bo‘lg‘usi muzey kolleksiyalarining asosini tashkil qiladi.

Yodgorlik majmuasi hududida respublikamiz Birinchi Prezidenti tavalludining 80-yilligiga bag‘ishlangan “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasi ishi yo‘lga qo‘yildi. Unga 3 oy mobaynida 80 mingdan ziyod kishi, shu jumladan xorijiy davlatlarning elchilari va xorijiy delegatsiyalar a’zolari tashrif buyurdi.

Islom Karimov nomidagi Fond bilan birgalikda “Islom Karimov – mustaqil O‘zbekiston asoschisi” kitob-albomi va “Meros va hozirgi zamon” byulleteni taqdimoti bo‘yicha qator tadbirlar amalga oshirildi. Ular Islom Abdug‘aniyevichning hayoti va mustaqil O‘zbekiston shakllanishi, saqlanishi va rivojlanishiga qo‘shgan hissasi haqida hikoya qiluvchi maqola va xotiralardan iboratdir.

Har ikki haftada Yodgorlik majmuasi negizida keng jamoatchilik vakillari uchun O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining yorqin xotirasiga bag‘ishlangan muayyan mavzu bo‘yicha uchrashuvlar va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.

Fanlar akademiyasi bilan birgalikda joriy yilning 13 aprel kuni Samarqandda "Islom Karimov – O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligining asoschisi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tdi.

Birinchi Prezidentimizning serqirra faoliyati hali o‘rganilishi lozim. Va vaqtning o‘zi uning qanday tarixiy shaxs ekanligini va suveren davlat yaratishga qo‘shgan hissasini anglash imkonini beradi.

Umid qilamanki, hozirgi vaqtda Yodgorlik majmuasi muzeyi va kutubxonasini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar shu yili amaliy natijalarini beradi.

Hurmatli hamkasblar,

Fursatdan foydalanib, sizlarni Yodgorlik majmuasining bir yilligi bilan tabriklayman va barchalaringizga va oilalaringizga tinchlik, yaxshilik va ezgu niyatlar tilayman.

Tatyana Akbarovna Karimova,
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov
nomidagi Yodgorlik majmuasi Homiylik kengashi a’zosi