Biror inson yoxud hodisa haqidagi xotiralar odatda fikrlar va suhbatlar aro namoyon bo‘lmog‘i tayin. Ammo xotiraning o‘zi, ayniqsa, gap favqulodda ulug‘ shaxs haqida ketayotgan bo‘lsa, u yurakning tub-tubida, qalblarda yashaydi.
Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi arxivi – O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti bilan shaxsan muloqotda bo‘lgan, qo’l ostida faoliyat yuritgan insonlarning xotiralari bilan muntazam boyitib boriladi. Ularning aksariyat ko’pchiligi bu ishni o’zlari, dil amri bilan qilayotganlari esa alohida tahsinga sazovor.
Majmuaning bu galgi mehmoni – Anvar Kamolovich Erkaxo‘jaev bo‘ldi. O‘zining aytishicha, bu erga uni – mustaqil davlat tashkil topishi bilan bog’liq, o’zi guvoh bo‘lgan xotiralar, shuningdek, o‘sha suronli, eng og‘ir yillarda daho inson, etakchining tutgan o‘rni haqidagi esdaliklar bilan baham ko’rish istagi boshlab kelgan.
![]() |
![]() |
“Men o‘zimni omadli odam deb hisoblayman. Mustaqillikning ilk yillaridan boshlab Prezident devoni kotibiyatida 10 yildan ortiq huquqshunos bo‘lib ishlash nasib etdi. Kaminani shaxsan Islom Abdug’anievichning o’zi suhbatlashib, ishga qabul qilgan. Keyinchalik faoliyat yuritgan dargohim – Oliy Majlisga ham bevosita uning tavsiyasi bilan borganman. Dastlab ko’rishganda, meni davlat rahbarining oddiyligi, samimiyligi va insoniyligi o’ziga rom qilgan bo‘lsa, so‘ngroq uning aql bovar qilmaydigan darajadagi ishchanligi va g’ayrati hayratga solgan”, – deya xotirlaydi “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Anvar Erkaxo‘jaev.
Majmua Homiylik kengashi a’zosi, Birinchi Prezident rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova bilan uchrashuv va suhbatlashish imkoniyati mehmon uchun alohida voqelik bo‘ldi. Zero, bu uchrashuv bir avlodga mansub insonlar o’rtasidagi o’ziga xos muloqot bo‘lib, o’sha yillar xronikasiga mushtarak nuqtadan turib nazar tashlash imkonini berdi.
Suhbatda tilga olinganidek, birinchilarga hech vaqt oson bo‘lgan emas. Islom Karimovning toleiga esa, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti o’laroq, murakkab va sharafli vazifa – Ittifoq parchalangandan so’ng qolgan Respublikadan tom ma’noda davlat tuzish bitgan ekan.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
“U hech qanday “shok terapiyasi”siz, barcha sinovlarga bardosh beradigan davlatni qurishga, uning mustahkam huquqiy poydevorini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Birinchi Prezident xotirasini abadiylashtirish va Oqsaroy qarorgohini yodgorlik majmuasi tarkibiga o’tkazish to’g’risidagi oqilona qarori uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevdan cheksiz minnatdorman. Aynan Islom Karimov uzoq yillar faoliyat yuritgan binoda uning nomida muzey tashkil etilishi misli ko‘rilmagan hodisa, uning boshqa hech qaerda muqobili yo‘q”, - deydi Anvar Erkaxo‘jaev.
Tatyana Akbarovna uchrashuvdan xotira sifatida mehmonga – Birinchi Prezident faoliyatidagi eng muhim voqealar aks etgan fotosuratlar jamlangan kitob-albomni sovg’a qildi.
T.Qurbonboev fotosuratlari





