ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

OZOD YURTNING TUG‘ROSI


02.07.2026

1992 yil 2 iyulda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunini imzoladi. Shu bois, mustaqillikning ilk yillaridanoq 2 iyul – O‘zbekiston ahli uchun davlat mustaqilligining ramzlaridan biri sifatida qadrli va unutilmas kunlardan biri bo‘lib qoldi.

Bugun ushbu muqaddas ramzni kattayu kichik birdek qadrlaydi. Unda jonajon O‘zbekistonimizning tom ma’nodagi asl tasvirini ko‘radi. Gerbimizga har bir hamyurtimiz alohida ehtirom bilan munosabatda bo‘lishi mamlakatimizda ezgu qadriyatga aylangan.

O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari – bayroq va gerb muallifi, O‘zbekiston xalq rassomi Anvar Mamajonovning eslashicha, 1991 yili mamlakat mustaqillikka erishgach, O‘zbekiston davlat bayrog‘i va gerbini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilingan. Unda butun respublika bo‘ylab ijodkorlar va ko‘ngillilar ishtirok etishgan. Tanlovga taqdim etilgan eskizlar Fanlar akademiyasining professor-o‘qituvchilari va rassomlardan iborat komissiya tomonidan ajratib olingan.

Tanlov so‘ngida Anvar Mamajonov varianti finalga o‘tgani haqida xabar berilgan. Musavvirning eslashiga ko‘ra, gerbning markaziga dastlab afsonaviy Semurg‘ qushi chizilgan, Islom Karimovning taklifiga asosan uni Humo qushiga o‘zgartirgan.

“Davlat rahbari butun ish jarayonini kuzatib, hammasini nazorat qilardi. U gerbda yirtqich hayvonlar bo‘lmasligi kerakligini aytib o‘tganidan so‘ng, g‘oyalar mutlaqo o‘zgardi, jumladan, mening eskizlarim ham boshqacha ko‘rinishga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, Birinchi Prezident, Humo – baxt, erkinlik qushi, uning boshi egilgan holatda bo‘lishi kerak emas, deganidan so‘ng tasvirni o‘zgartirdik”, – deydi A.Mamajonov.

Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro davlat ramzlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi qonunchilik bilan belgilab qo‘yilgan. Davlat ramzlariga bo‘lgan hurmat murg‘akligidayoq yosh avlod ongiga singdiriladi. Bu esa ulg‘ayib kelayotgan o‘g‘il-qizlarda o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurt taqdiri uchun daxldorlik, vatanparvarlik, fidoyilik, Vatan uchun cheksiz faxr va iftixor tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Bugun dunyoda Yangi O‘zbekiston nomi bilan olib borilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar – yurtimiz davlat gerbidagi ezgulik hamda ulug‘vorlikka uyg‘un va hamohang ekani bilan ahamiyatlidir.

F.Qurbonboev va T.Qurbonboev fotolari