ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

O‘ZLIKNI ANGLASH YO‘LIDA


05.06.2024

“Ma’naviy hayotimizda uyg‘onish yuz berdi. Tarixni tikladik. Ona tilimizni angladik. Ulug‘ bobolarimiz ruhini shod etdik. Udumlarimiz, qadriyatlarimizga qaytdik. Dinga munosabatimiz o‘zgardi. O‘rtadagi tushunmovchilik, qarama-qarshilik yo‘qoldi. Buning o‘rniga hamkorlik, hamjihatlikka o‘tdik”.
Bu – O‘zbekiston Pespyblikasi Birinchi Ppezidenti Islom Kapimovning 1992 yil 4 yanvapdagi Oliy Kengash navbatdan tashqari IX sessiyasida qilgan ma’ruzasidan parcha. Unda mustaqillikning dastlabki to‘rt oyida amalga oshirilgan ishlar tahlil etilib, O‘zbekistonning keyingi ustuvor yo‘li belgilab berilgan edi.
E’tibor qiling – istiqlolga erishganiga 120 kun bo‘lgan, mamlakat atak-chechak qila boshlagan, vazifa, muammo degani tiqilib yotibdi – abgor iqtisodni o‘nglash, armiyani shakllantirib, xavfsizlikni asrash, ichki va tashqi siyosat strategiyasini ishlab chiqish, ta’limu tibbiyotni yo‘lga tushirish... Shuncha muammo girdobi aro, yana ma’naviyat haqida ham qayg‘ura olishga vaqt topish uchun – odam nechog‘li millatni, o‘zlikni sevishi kerak edi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Prezidentining 1994 yil 23 apreldagi “Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni, o‘sha yil 8 iyunda esa hukumatning shu masala bo‘yicha tegishli qarori qabul qilindi. Bugun u voqealarga roppa-rosa 30 yil to‘ldi.
Farmon bilan, markaz uchun poytaxtning qoq o‘rtasidan bino ajratildi, milliy tafakkurni rivojlantirish, ma’naviyat va ma’rifatni yanada kamol toptirishga ko‘maklashish niyatida, “Tafakkur” nomli jurnalni chop etish, noshirlik ishlarini yuritish huquqi berildi. Mazkur jurnal bugungi kunda ham O‘zbekistondagi ma’naviy jihatdan eng iligi to‘q, har tomonlama namunali nashrlardan biri hisoblanadi.
O‘tgan yillar davomida ma’naviyat va ma’rifat rivoji yo‘lida qilingan olamshumul ishlarni sanab, adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Haqqoniy tariximizni tiklab, yuzlab tarixiy yodgorliklar va ajdodlarimizning ulug‘ nomlari tiklanganida ham, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” kabi hujjatlar qabul qilinganida ham, iqtisodiy yangilanishlarda, hatto harbiy sohadagi islohotlarda ham – ma’naviyat, mafkura, o‘zlikni anglash kabi jihatlar mudom nazarda tutildi. Islom Karimovning o‘z iborasi bilan aytganda, “har qaysi davlat, har bir millat nafaqat yer osti va yer usti tabiiy boyliklari bilan, harbiy qudrati va ishlab chiqarish salohiyati bilan, balki birinchi navbatda o‘zining yuksak madaniyati va ma’naviyati bilan kuchlidir”.

Adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov shunday xotirlagan edi: “1996 yil 4 sentyabr. Prezident Islom Karimov huzurida bir guruh ma’naviyat va ma’rifat sohasi vakillari yig‘ilishdi. Davlatimiz rahbari so‘z navbatini kaminaga berdi. «Adabiyot shunday sohaki!..» deya jumlani boshlab ulgurmasimdan, Prezident shundoqqina men tomon o‘girildi-da, «Yaxshi bilaman, siz dunyo adabiyotini sevasiz, nima uchun o‘zbek o‘quvchilari uchun «Dunyo adabiyoti» degan jurnal chiqarmasligimiz kerak. Imkonimiz bor-ku!» dedi. O‘shanda u kishining adabiyotni, ma’naviyatni g‘oyat yuksak darajada qadrlashiga qayta-qayta amin bo‘lganman. Oradan ko‘p o‘tmay, «Jahon adabiyoti» jurnalining ilk soni bosmadan chiqdi”.
Bu kabi misollar va yodnomalarni yaqin tariximizdan yuzlab keltirish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, Islom Karimov – vujud-vujudi, qalbi, borlig‘i bilan – ma’naviyat homiysi edi. Uning o‘zi tomonidan bitilgan “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida shunday satrlar bor: “Haqiqiy qahramonlik – bu har kuni, har soatda fidoiy bo‘lish, o‘zini tomchi va tomchi, zarrama-zarra buyuk maqsadlar sari charchamay, toliqmay tinimsiz safarbar etib borish, bu fazilatni doimiy, kundalik faoliyat mezoniga aylantirish. Yuksak ma’naviyatga ega bo‘lgan xalq hech kimga, hech qachon qaram bo‘lmaydi, o‘zining ezgu maqsadlariga albatta yetadi”.

Ma’naviyatning – yengilmas kuch, mafkuraning esa – millatni olg‘a boshlovchi mayoq ekani – bugungi, yangi O‘zbekiston sharoitida ham ortsa, ortdiki, sira kamaygani yo‘q. Xususan, 2017 yil 28 iyulda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekildi. Unga ko‘ra, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashiga – avvallari bo‘lganidek, Bosh vazir emas, bevosita O‘zbekiston Prezidentining o‘zi raislik qiladigan bo‘ldi. Tabbiyki, shundan so‘ng sohaga e’tibor va ko‘lam ham ayni rutbaga yarasha bo‘lganini ilg‘ash qiyin emas. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Chunki...
Keling, buning izohi o‘rnida ham, bugungi qaydlarga xulosa sifatida ham Prezident Sh.Mirziyoyevning mana bu fikrlarini keltirsak: “Tarixdan ma’lum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”.

F.Qurbonboyev olgan suratlar