ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

O‘TMISH BILAN KЕLAJAKNI BOG‘LOVCHI KO‘PRIK


11.09.2025

Buyuk siyosatchi, sovetlar imperyasi xarobalari ustida yangi davlatni barpo etgan, chorak asr ichida sarobdek ko‘ringan orzuni xaqiqatga aylantirgan benazir shaxs – Islom Karimov fenomeni, mutaxassislarning fikricha chuqur va davomli tadqiqotlarga loyiq.
Uning nomi bilan ataluvchi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida esa, ana shunday izlanishlarning samarali va shaffof bo‘lishini ta’minlash imkoniyatlari yaratilgan. Bular ilmiy markaz, kutubxona va ko‘rgazmalar zalidir.
Shu bois, majmuaga tashrif buyuruvchilar orasida Islom Karimovning boy ma’naviy merosini o‘rganishga katta qiziqish bildirayotgan ilm-fan soxasi vakillarini ko‘plab uchratish mumkin.
Bu gal majmuaga O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish mintaqaviy Markazidan – oliy o‘quv yurtlari qoshidagi akademik litseylarning tarix fani o‘qituvchilari tashrif buyurishdi. Ular majmua faoliyati, “Oqsaroy” tarixi, “Ko‘rgazmalar zali” hamda Islom Karimov nomidagi kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

“ Men Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyida tarix fanidan dars beraman. O‘quvchilarim bo‘lg‘usi Vatan himoyachilari. Bugungi tashrifim menda katta taassurot qoldirdi va kelgusidagi rejalarimga aniqlik kiritdi. Bu yerga albatta o‘quvchilarimni olib kelaman. Mustaqil O‘zbekiston tarixini, bu davr bilan bog‘liq jarayonlarni yanada chuqurroq o‘rganib, teranroq anglashlari uchun. Vatanparvarlik va jasoratning asl mohiyatini tushunish uchun Birinchi Prezidentning hayoti va faoliyati ularga ibrat bo‘lishi kerak”, deya o‘z muloxazalarini bayon etdi suhbatdoshimiz Feruz Axmedov.
Mehmonning ta’kidlashicha, bundan buyon mazkur kutubxonaga doimiy tarzda kelib turishni rejalashtirgan. Uning ilmiy ishi: “O‘zbekistonning milliy barqarorligini ta’minlashda siyosiy kommunikatsiyalarning roli” mavzusida ekan. Feruz Axmedovning fikriga qaraganda, aynan shu yerda u o‘zining tadqiqotlarini noyob faktlar bilan boyitishi mumkin.
Tashrif yakunida mehmonlar uchun “O‘LKA TARIXI” nomli animatsion film namoyish etildi. Tarixchilar uchun bu kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.
Hayotning o‘zi ko‘z ilg‘amas me’yorlar bilan vaqtni chegaralab qo‘ygan: o‘tmish, bugungi kun, kelajak... Biroq shunday shaxslar borki, ular xaqida fikr yuritganda mazkur o‘lchovlar chekinadi. Biz uchun Islom Karimov abadiyatga daxldor buyuklar qatoridan munosib o‘rin egallab bo‘lgan.

Temur Qurbоnbоyev fotosuratlari