ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Asakadagi avtomobil zavodiga Islom Karimov nomi berildi va ko‘rgazma-muzey ish boshladi


07.12.2017

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Asaka shahridagi avtomobil zavodiga Islom Karimov nomi berildi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida yodgorlik majmuasini barpo etish loyihasi tayyorlangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi hamda Andijon viloyati hokimligi bilan kelishilgan holda qisqa vaqt ichida zavod hududida Islom Karimov yodgorlik majmuasi barpo etildi. 6 dekabr kuni ana shu majmuaning ochilish marosimi o‘tkazildi. Shu kunning o‘zida zavodda doimiy ravishda faoliyat yuritadigan «Islom Karimov va O‘zbekistonda avtomobil sanoatining rivoji» ko‘rgazma-muzey ish boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston uchun mutlaqo yangi bo‘lgan soha – avtomobilsozlik sanoatiga asos solishi va uni rivojlantirish tashabbusining hayotga tatbiq etilgani Istiqlol solnomasidagi muhim sahifalaridan biri bo‘lib qoldi. Asaka avtomobil zavodiga asos solinishida uning o‘zi bevosita ishtirok etgandi.

Bugun ushbu avtomobil zavodi O‘zbekistonning yetakchi sanoat korxonalaridan biri sanaladi. Asaka avtomobil zavodiga O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti nomi berilishi – barcha xodimlarga iftixor tuyg‘usini bag‘ishladi.