ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

OPPOQ ORZULAR QANOTIDA


30.12.2025

Ko‘ngil ma’yus tortdi yilning so‘nggida,
Bilmam, nimang bilan sehrlading, qor.
Bugun kuppa-kunduz ko‘zim o‘ngida,
Yana bir yoshimni o‘g‘irlading, qor...

...Rostdan ham kuppa-kunduz kuni yana bir yoshimizni “o‘g‘irlaydigan”, soddalik o‘rnini teranlik, bolalarcha ma’sumiyat o‘rnini salmoqdor jiddiyat egallay bormog‘i tayin bo‘lgan bayramni shunchalar shodumonlik bilan nishonlash nechun? Javob aniq: o‘sha xurramlik, o‘sha quvonchning bosh sababi – bu ayyom umrning yangi, toza bir sahifasini ochmoq umididagi bandasining yaxshi niyatlariga turtki berishida, odam zotini xuddi ko‘kdan tushayotgan qor parchalari kabi oppoq orzularga oshno qilishida. Umidli dunyo-da baribir bu.
Bu ayyomning yana bir xislati bor – u sarhisobga undaydi. Yil davomida qilgan, ulgura olgan ishlaring bo‘yicha o‘z-o‘zingga hisob berib, keyingi qadamlaring, tadbirlaringni chamai-cho‘t qilasan, istagu imkoningni bir-biriga chog‘ishtirib, reja olasan.
Shu mantiqdan kelib chiqsak, biz ham o‘tib borayotgan 2025 yilda imkon qadar va eng asosiysi, Majmuaga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, buyuk inson, mustaqilligimiz asoschisi, Birinchi Prezident xotirasi va merosini targ‘ib etish bo‘yicha muayyan ishlarni qildik, deya ayta olamiz. Takrorlab nima qildik – hamma tafsilot shu saytning o‘zida kaftdek namoyon. Harholda bir haqiqatni dangal ayta olamiz – ne tadbir qilgan bo‘lsak ham, ne yozgan, nashr qilgan bo‘lsak ham, burch va sadoqat, haqiqat va mas’uliyat, Islom Karimovning o‘zi tirikligida ko‘p bor takrorlagan – insof va iymon, qolaversa, arvoh xotirasi degan tushunchalar, chegaralardan bir odim ham chetga chiqmadik. Harholda, bu borada vijdon pok. Qolgani – yutuq ham, yutqiziq ham o‘zimizniki.

Ha-ya, hukmingizga havola qilinayotgan hozirgi suvratlar – qishning, yeru ko‘kni, shu jumladan, Oqsaroy va uning atrofini qurshab olgan oppoq qor manzaralarini ko‘rib, Siz-da bir zumga umrning ham o‘z fasllari – so‘lim bahori, saxovatli yozu tiyramohi, va tabiiyki, sokin qahratoni bo‘lmog‘i to‘g‘risidagi o‘y-xayollarga borgan bo‘lishingiz tabiiy. Ne tongkim, xuddi kelishib olgandek, suvratlarda Oqsaroy ham, qor ham, xotiralar ham – oq, oppoq... Darvoqe, yana bir haqiqat bor: qor yog‘ib, izlar bosilgani bilan, ertaga yana bahor kelganida, chechaklar qaytadan gul ochishi, novdalarga hayot baxsh etilmog‘i ham tayin. Bugun esa...
Bugun esa faqat orzular qilamiz – qordek oppoq, bamisli qish havosidek musaffo tuyg‘ular asosiga quriladi ular. Ularda badbin niyatlar bo‘lmaydi, ularda hasad bo‘lmaydi, ularda Qorabotirlaru Yalmog‘izlarga o‘rin bo‘lmaydi.
Axir hazilakam gapmi, yana bir zalvorlik yilni ortda qoldirib, yangi, pokdomon orzu-umidlarga to‘liq yil kelmoqda. Bu yog‘iga, boshida parcha keltirganimiz – shoirning mahzun va huzurbaxsh she’ridagi misralardan orttirib biror nima deyishimiz dushvor:
Yangi yil, kelaver qanday kelsang ham,
Kimlar yetdi senga, kimlar yetmadi.
Sen yangi yo‘ldoshsan, sen yangi hamdam,
Yo‘qlab kelganingni o‘zi bir bayram.
Qulog‘ingga bir gap aytaymi, endi,
Kechagi yoshligim ertakmi, endi...
Yangi, oppoq orzular qanotida keladigan 2026 yilingiz muborak bo‘lsin!

F.Qurbonboyev va T.Qurbonboyev fotosuratlari