“So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari namunali tus oldi”, - deyiladi 17 noyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelgan Turkmaniston Prezidenti o‘rtasida o‘tgan muzokaralar chog‘ida. Darhaqiqat, madaniy va tarixiy ildizlarimiz mushtarak qo‘shni davlat bilan barcha sohalardagi o‘zaro hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.
Mustaqillik yillarida o‘zgacha mazmun va ravnaq topgan aloqalar bugun yanada yangi pog‘onaga ko‘tarildi. Toshkent shahrida Maxtumquli nomidagi ko‘cha, uning barelefi aks yetgan yodgorlik, shuningdek, do‘st Turkmaniston ramzlarini aks ettiruvchi “Ashxobod” bog‘ining ochilishi bunga yorqin misoldir. O‘z navbatida, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga Turkmanistonda yodgorlik majmuasi ochilib, markaziy ko‘chalardan biriga uning nomi berilgan.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasining bu galgi mehmonlari – O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olayotgan turkman yoshlari bo‘lgani ham chuqur ramziy ma’noga ega. Milliy kiyim-boshlari o‘zlariga g‘oyat yarashib turgan yosh yigit-qizlar “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasidagi – mustaqil davlat asoschisi Islom Karimov hayoti va faoliyati, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishdagi ulkan xizmatlari aks etgan fotosuratlar, hujjatlar va san’at asarlari bilan yaqindan tanishishdi.
Ikki qardosh mamlakat xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar istiqboli uchun – ertamiz egalari bo‘lmish yosh avlod qalbida paydo bo‘lgan iliqlik g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Turkmanistonlik yoshlar esa majmuani yorqin taassurotlar, ko‘plab foydali ma’lumotlar bilan va eng muhimi, hayratlarga oshno bo‘lib tark etishdi.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Temur Qurbonboyev fotosuratlari













