ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

MUSTAQILLIK TARIXIDAGI ILK INAUGURASIYA


04.01.2025

Bundan roppa-rosa 33 yil muqaddam O‘zbekiston mustaqilligi tarixidagi dastlabki – eng muhim siyosiy jarayonlardan biri sodir bo’lgan edi. Aniqrog’i, 1991 yilning 29 dekabrida, O‘zbekistonda ilk bor muqobillik asosida o’tkazilgan umumxalq saylovida g’alaba qozongan Islom Karimov – 1992 yil 4 yanvar kuni Prezidentlik qasamyodini qabul qilib, rasman o’z lavozimiga kirishgan.

Shu o’rinda Prezidentlik lavozimining joriy etilishi va saylovlar tarixi to’g’risida ham ikki og‘iz ma’lumot berish joiz bo‘ladi. Aslida O‘zbekiston tarixida Prezidentlik lavozimi 1990 yilda, Respublika hali SSSR mustamlakasi ostida bo’lgan davrlardayoq, aytish muhimki, sobiq Ittifoq sub’ektlari orasida birinchi bo’lib joriy etilgan, Islom Karimov O‘zbekiston SSR Prezidenti etib – 1990 yil 24 mart kuni Oliy Kengash sessiyasida saylangan edi.

Oradan bir yarim yil o’tib, 1991 yilning 31 avgust kuni Islom Karimov mamlakat mustaqilligini e’lon qildi. SHu yilning 29 dekabriga kelib esa, O‘zbekistonda ilk bor jahon andozalariga mos tarzda, muqobillik asosidagi umumxalq saylovi o’tkazildi. Ovoz berish jarayonlarida saylovchilarning 94,2 foizi yoki 9,9 millioni ishtirok etdi. Uning natijalariga ko’ra, 8.514.136 ta ovoz yoki umumiy saylovlarning 87,1 foizi qo’llab-quvvatlashi bilan Islom Karimov mamlakatning qonuniy asosda saylangan Birinchi Prezidenti sifatida g‘alaba qilgan. Ilk inaugurasiya marosimi esa oradan bir hafta o’tib, aynan 1992 yil 4 yanvar kuni o’tkazilgan edi.

Shundan beri qancha suvlar oqib o’tdi. Yangi asrga, yangi davrga qadam qo‘ydik. Lekin O‘zbekiston xalqi, minnatdor avlod – o’z istiqloliga tamal toshini qo’ygan, yillar davomida ona yurtini turli ofatlardan saqlab, bugungi yangilanish davriga qadar omon-eson olib kelgan buyuk inson oldidagi hurmatini hanuz saqlab kelmoqda. Bunga esa, Islom Karimov xotirasi oldida bir zum bosh egishni istab, Oqsaroy qarorgohiga kelayotganlar oqimi ko’payib borayotganidan ham bilish mumkin.

Darvoqe, buning uchun munosib sharoitni yaratib bergan, Birinchi Prezident merosini ko‘z qorachig‘idek asrab, yurtdoshlarimizni shunga da’vat qilib turgan Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari va fidoiylari xizmatini ham alohida e’tirof etib o’tish adolatdan bo‘lardi.

Ulug‘ shoir yozganidek,

“Dunyoda ko’p narsa unutiladi:

Qashshoqlik, martaba, quvonch, qaygular.

Unutilib borar muhabbat dardi,

Unutilar yillar, yo’llar, tuygular.

 

Qirq yillik adovat unutilar sekin,

Unutilar hatto yurakdagi darz.

Yaxshilarning mehri unutilmas, lekin,

Unutilmas ular oldidagi qarz”.

 Qurbanbaev, R. Sharipov, T. Qurbanbaev fotosuratlari