“Mehr nuri yog‘ar doim yuzingizdan, ustozlar,
Yursam deyman bu tabarruk izingizdan, ustozlar…”
Elimiz uchun necha yillarki, suyumli bo‘lib kelayotgan bu qo‘shiq ayniqsa, muallimlar bayrami arafasida-yu o‘sha kunlari bot-bot jaranglayverib, shuurimizdan muqim joy olishga ham ulguribdi. Ammo malol botmaydi, bezdirmaydi. Sababi aniq – u otadek ulug‘, onadek mo‘tabar zotni tarannum qiladi, ustozni ulug‘laydi. Inson zoti uchun esa, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, harf o‘rgatgan, to‘g‘ri yo‘lga solgan, jilla qursa, oq-qorani tanitgan inson (dunyodan o‘tgan bo‘lsa, xotirasi ham) baribir muqaddas. Ming allomai zamon bo‘lmaydimi, dunyolarni titratgan fotihu jahongir bo‘lmaydimi, hammasining ustozi bor, muallimi bor. Ne tongki, ro‘yi zaminning salmoqli qismini tasarruf qilgan buyuk bobomiz Amir Temur ham dunyodan o‘tar chog‘i qabrining – ustozi Mir Said Baraka poyida bo‘lishini vasiyat qilgan. Shunday ulug‘ zot asli muallim qavmi...
Yurtimizda bu zotlar tom ma’noda qadr va e’zoz topib kelmoqda, deyish mubolag‘a emas. Qarang, O‘zbekiston – o‘qituvchi va murabbiylar bayrami umumxalq tarzida nishonlanib, dam olish kuni, deb e’lon qilingan dunyodagi g‘oyat sanoqli davlatlardan biri. Bu – Birinchi Prezident tomonidan 1996 yil 27 dekabrda imzolangan Qonun bilan belgilab qo‘yilgan.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Islom Karimovning o‘qituvchi va murabbiylarga qarata “O‘zining ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini bag‘ishlab, barchamizga ezgulikdan saboq bergan, otadek mo‘tabar, onadek mehribon siz, aziz ustozlarning hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydigan mashaqqatli va sharafli mehnatingiz uchun har qancha tahsin va tashakkurlar aytsak, arziydi” degan so‘zlarini eslash lozim. Amaliy ish ham shunga yarasha bo‘lgan.
Mustaqillikning ilk yillarida Birinchi Prezident tashabbusi bilan qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”, “Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi” kabi hujjatlar – zamonaviy bilim maskanlarini barpo etish, yoshlarni bepul majburiy ta’lim bilan to‘laqonli qamrab olish, davlat ta’lim standartlari va o‘quv rejalarini zamon ruhiga mos tarzda isloh etish kabi keng qamrovli ishlarni tizimli amalga oshirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qildi.
“O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” kabi unvonlar joriy qilindi. Bugungi kunga qadar minglab ustoz va murabbiylar shunday davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar. O‘nlab muallimlar esa mamlakatimizning oliy mukofoti – “O‘zbekiston Qahramoni” bo‘lishdek sharafga munosib deb topildi.
![]() |
![]() |
Ustoz zotiga, murabbiylarga bo‘lgan e’tibor bugungi – “Uchinchi Renessans” poydevori qo‘yilayotgan Yangi O‘zbekiston davrida ham yangicha shijoat bilan davom etmoqda. Chunonchi, o‘tgan sakkiz yilda ta’lim va ilm-fan sohasiga xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trillion so‘mga yetgan. Hozirda maktablarda 6,5 million o‘quvchi ta’lim olyapti. So‘nggi sakkiz yilda 500 ga yaqin yangi maktablar qurilgani, mavjudlari kengaygani hisobiga 1 million o‘quvchi o‘rni yaratildi. 200 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar xususiy maktablarda o‘qiyapti. So‘nggi yillarda, ayniqsa, oliy ta’lim qamrovi jadal oshdi. Oliy o‘quv muassasalari soni 77 tadan 202 taga, jami talabalar soni 250 mingdan 1,5 millionga yetdi.
Bu raqamlar e’lon qilingan tadbir, ya’ni joriy yilning 15 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aytgan mana bu so‘zlarni aynan keltiramiz: “Men ko‘plab soha vakillariga unvon, orden va medallar beraman. Lekin ustozlar mukofotlanadigan kunni sog‘inib kutaman. Ko‘ksingizni bezab turgan orden-medallar muborak bo‘lsin. Yurtimizda yuksak mukofotlarga munosib fidoyi muallimlar ko‘paysin”.
Shu gaplarning o‘ziyoq mamlakatimizda ustoz va murabbiylarga ko‘rsatilayotgan nechog‘li ulkan ardoqning yorqin isboti emasmi?..
Bayramingiz qutlug‘ bo‘lsin, qadrli va aziz muallimlar!
F.Qurbonboyev fotosuratlari