ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

MIRZO ULUG‘BЕK DAHOSI ABADIYATI


09.10.2024

“Beixtiyor 1996 yili Parijda YUNЕSKOning o‘sha paytdagi Bosh kotibi Federiko Mayor janoblari bilan bo‘lgan bir suhbat yodimga tushadi. O‘shanda janob Mayor Ulug‘bekning ilmiy merosini yuksak baholab, uning yulduzlar harakatiga oid hisob-kitoblari bugungi kunda kompyuter yordamida tekshirib ko‘rilganda, atigi bir necha daqiqaga farq qilishi aniqlandi, degan gapni aytib qoldi. Shunda men unga javoban, yo‘q, janob Federiko Mayor, Ulug‘bek xato qilgan bo‘lishi mumkin emas, balki kompyuterlar xato qilgan bo‘lishi mumkin, degan edim. Garchi bu gap do‘stona lutf tariqasida aytilgan bo‘lsa-da, o‘ylaymanki, uning zamirida chuqur haqiqat mujassam”.  

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asaridan o‘rin olgan ushbu fikrlardagi bir jihatga e’tibor qarataylik: o‘z ajdodi bilan g‘ururlanish, faxr tuyish, uning sha’nini – xotirasi bo‘lsa ham, ayniqsa, xorijlik oldida baland tutish shunchalik bo‘lar-da...
Nafsilamrini aytganda, Mirzo Ulug‘bekbek – jahon aro faxrlanishga loyiq bobomiz dahosi shu ehtiromu iftixorga arziydiyam!..
1394 yil 22 martda Sohibqiron Amir Temurning besh yillik yurishi davom etayotgan chog‘da dunyoga kelgan, tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida qayd etganidek, Temur huzuriga chopar kelib, tug‘ilgan murg‘ak – kelajakda buyuk olim va odil hukmdor bo‘lishini munajjimlar bashorat qilayotgani xabarini berganda, Sohibqiron shodligidan Iroqdagi Mordin qal’asi qamalini to‘xtatib, uning xalqiga yuklangan to‘lovni bekor qilgan voqealar qahramoni – Mirzo Ulug‘bek edi.
Munajjimlar bashorat qilganidek, Ulug‘bek davrida saltanat yanada ravnaq topdi. Shaharda hunarmandlik, me’morlik, adabiyot, ilm-fan yuksaldi, savdo-sotiq taraqqiy etdi. Eng muhimi, u poytaxt Samarqandda o‘sha davr akademiyasini yaratib, rasadxona bunyod etib, atrofiga 200 nafardan ortiq olimni to‘plagan. “Ziji jadidi Ko‘ragoniy”, “Risolai Ulug‘bek”, “To‘rt ulus tarixi” kabi buyuk asarlar bitgan.
Bir so‘z bilan, Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek – jahon ilm-fanida o‘z o‘rni va o‘z nomiga ega bo‘lgan buyuk alloma hisoblanadi.
Mustaqillik yillarida Mirzo Ulug‘bek ilmiy merosini o‘rganish, buyuk olim, madaniyat homiysiga ehtirom ko‘rsatish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Shundayki, bundan roppa-rosa 30 yil oldin, ya’ni istiqlolning dastlabki yillaridan biri bo‘lgan butun boshli 1994 yil – Prezidentning 1994 yil 19 mart kungi Farmoni bilan, O‘zbekiston Respublikasida Mirzo Ulug‘bek yili deb e’lon qilingan edi.

   

Aynan Islom Karimov sa’y-harakatlari bilan buyuk bobokalonimizning qutlug‘ 600 yilligi YUNЕSKO qaroriga ko‘ra, 1994 yil aprelda – Parijda, oktyabrda esa – Toshkent va Samarqand shaharlarida tantanali tarzda nishonlandi, xalqaro konferensiyalar tashkil etildi. Poytaxtimiz Toshkent shahrida, keyinroq Samarqandda, qolaversa, Litva davlatida Mirzo Ulug‘bekka haykallar o‘rnatildi.
Respublikadagi qator muassasa, tashkilot, maydon, ko‘chalarga Mirzo Ulug‘bek nomi berildi. Xususan, Toshkentdagi tumanlardan biri, Astronomiya instituti, Yadro fizikasi instituti joylashgan posyolka, O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand Davlat arxitektura va qurilish universiteti va boshqalar shular jumlasidan.
1994 yilning 15 oktyabrida Samarqandda o‘tgan Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yillik yubileyi tantanalarida Birinchi Prezident “Har bir millat ham Ulug‘bekday farzandini tarbiya etgani uchun g‘ururlanishi tabiiy holdir. Chunki bunday insonlar faqat o‘z xalqiga emas, balki umumbashariy sivilizatsiya uchun xizmat qiladi va jahonning e’tiborini qozonadi” deya ta’kidlagan edi.

   

Buyuk bobolarimiz, xususan, Mirzo Ulug‘bekdek dahoga ehtirom bugungi – Yangi O‘zbekistonda ham davom etmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024 yil 12 sentyabrda imzolangan “Buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaror fikrimizga yaqqol dalil bo‘la oladi.
Farmonning kirish so‘zida aytilganidek, “Buyuk ajdodimiz asarlarining milliy va umuminsoniy mazmun-mohiyatini, ularning yosh avlod intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish va shu asosda Yangi O‘zbekistonning munosib bunyodkorlari etib tarbiyalash borasidagi beqiyos o‘rni va ahamiyati bor”.
Bularning barchasi hazrat Navoiy ta’biri bilan aytganda, “Ki olam ko‘rmagan sulton aningdek” bobomiz dahosining abadiyatga daxldorligidan nishonadir.

F.Qurbonboyev fotosuratlari