ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

MING YILLARKI, BЕZAVOL BAYRAM


20.03.2025

“Navro‘zi olam barchamiz uchun necha ming yillik tarixga ega, ildizlari “Avesto” davrida paydo bo‘lgan, qadimiy, asl milliy, har qanday siyosatdan yiroq, kecha va kunduz teng keladigan sharqona yangi yil bo‘lib, el-yurtimiz tabiatiga, ongu tafakkuri, qalbi-shuuriga chuqur singib ketgan eng sevimli, eng go‘zal bahor bayramidir”.

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovga tegishli bu gaplar ayni haqiqat: ildizlari juda chuqur, tag-tubi bilan asl xalqona, har qanday siyosatu mafkura yoxud diniy dogmalardan xoli, faqat borlig‘u tabiatning uyg‘onishiga vobasta, nechog‘li go‘zal bayramimiz bor. Bir zamonlar u kimgayam xalaqit qilishi mumkin edi, dersiz. Qilgan ekan-da. Qilgandayam, butun boshli Sho‘rolar tuzumiga, uning olchoq va mansabparast rahbarlari-yu, “oyimtilla”lariga xalaqit qilgan ekan. Chunki u – yuqorida aytilganidek, asl milliy edi. Mafkurani tan olmasdi. Bahonada millatni, qadriyatni, o‘zlikni uyg‘otishi mumkin edi. Ta’qiqlashdi-qo‘yishdi.

Uni bu millatga aynan Islom Karimov qaytarib berdi. Shunchaki qaytarib berib qo‘ya qolmadi, balki bosh milliy bayramlardan biriga, o‘zlikni anglash tarannumiga aylantirdi, o‘zi shundog‘am go‘zal va fusunkor ayyomni yanada baland rutbalar bilan siyladi. Hali sobiq markazning oqavasi bijg‘ib, paymonasi to‘lmagan kezdayoq, aniqrog‘i, 1990 yil 3 mayda Prezident Islom Karimov farmoniga muvofiq, Navro‘z – umumxalq bayrami, deya e’lon qilinib, 21 mart dam olish kuni etib belgilandi. Bu – rosmana jasorat edi.

Ardoqli shoirimizning o‘sha yillari yozilgan, tazarru ma’nosidagi –

“Sen bizni kechirgin, ey Navro‘zimiz,

G‘aflatda chalg‘idi ul kun ko‘zimiz.

Yuzingga shapaloq tortib yubordik,

Sho‘rpaxta bosamiz endi o‘zimiz”,

degan satrlari yodingizdadir. Shunday bir dolg‘ali zamonlar edi o‘ziyam...

Nafsilamrini aytganda, rahmatli Islom Karimovning o‘zi bu bayramni juda yaxshi ko‘rar, u nishonlanayotgan kezda vujud-vujudi bilan yayrab ketar, o‘ziyam berilib raqsga tushib, maydondagi minglab odamni shunga chorlardi.

Birinchi Prezident rafiqasi Tatyana Karimova o‘sha davrlarni shunday xotirlaydi: “Islom Abdug‘aniyevich ham – millionlab yurtdoshlarimiz qatori har yili Navro‘z bayramidan oldingi ob-havo bilan qiziqar, noqulay sharoit bayram o‘tkazishga to‘siq bo‘lmasin, deb qayg‘urardi. Har gal ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlangan, o‘zi azbaroyi berilib raqsga tushgan bayramdan so‘ng uyga horib-charchab qaytsa ham, ruhi g‘oyat ko‘tarinki bo‘lib, shu kayfiyat ancha paytgacha uyda ham, mamlakat siyosatida ham aks etmay qolmasdi”.

Islom Karimov bu ulug‘ va farahbaxsh bayram vositasida elni birlashtirishning uddasidan chiqdi. O‘tgan 35 yil davomida Navro‘z xalqimizning qadim madaniyati, ezgu fazilatlari timsoliga aylandi. Uning o‘lmas ruhi va qadriyatlari avlodlardan-avlodlarga zavolsiz o‘tib kelmoqda.

Buni qarangki, boqiy Navro‘zimiz bugungi – yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangilanishlarga ham g‘oyat hamohangdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Navro‘zi olam falsafasi bizning orzu-intilishlarimiz, amaliy ishlarimiz bilan uzviy bog‘lanib ketganini bugun har qadamda yaqqol ko‘rish mumkin. Inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlari va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir yurtdoshimizga mehr va e’tibor ko‘rsatish faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda”.

Biz ham, o‘z navbatida yurtdoshlarimizni ming yillarki, bezavol ulug‘ ayyom bilan qutlab, “Xush kelibsan, Navro‘z! Olam sen bilan nurga to‘lsin!”, deymiz.

F.Qurbonboyev fotosuratlari