ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

MILLATNI BIRLASHTIRUVCHI QUDRAT


20.10.2025

O‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkur degan tushunchalar, odamlarning ruhiy-ma’naviy bog‘liqligi til orqali namoyon bo‘ladi. Qalbdagi bor fazilatlar, avvalo ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Til borki, millat yashaydi. Tilsiz millat – millat emas.

Sharqning ulug‘ allomasi Kaykovusning “Qobusnoma“ asarida “So‘zni bag‘oyat ulug‘ bilgil“ degan hikmat uchraydi. So‘z, til benihoya buyuk qudrat. O‘zbek tilining shonu shavkati, tuganmas kuch-qudrati bashariyatning aqliy va badiiy xazinasidan joy olgan juda ko‘plab asarlarda mujassam. Bu til sha’nini ajdodlarimiz hamma zamonlarda ko‘z qorachig‘idek asragan. Amir Temur mag‘lubiyat neligini bilmas qo‘shiniga shu tilda qo‘mondonlik qilgan, Sohibqiron tig‘i yetmagan joylarni Navoiy shu tilda zabt etgan.

Qarangki, jahon xalqlari ichida o‘z o‘rni va nufuziga ega turkiy tillar oilasi asosan uch tarmoqqa – qarluq, qipchoq va o‘g‘uz lahjalariga bo‘linadi. Turkiy tilda so‘zlashuvchi qondoshlarimiz shu uch lahjaning bittaginasida so‘zlashadi. Masalan, Turkiya turklari va ozarbayjonlar – o‘g‘uz; qardoshlarimiz bo‘lmish qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz yoki tatarlar – qipchoq; uyg‘urlar – yagona qarluq lahjasida gaplashib, ularning adabiy tillari ham shu lahjaga qurilgan. Turkiy tillar oilasidagi yagona millat, ya’ni biz – o‘zbeklarning tilida esa har uchala lahja elementlari uchraydi. Garchi adabiy tilimiz asosan qarluq lahjasi asosida qurilgan bo‘lsa-da, o‘zaro muloqotda, deylik, mamlakat janubida qipchoq dialekti ustuvor bo‘lsa, Farg‘ona vodiysi, poytaxt va yirik shaharlarda – qarluq, Xorazm vohasida esa o‘g‘uz lahjasida so‘zlashadilar.

Bu hodisa bizning turkiy dunyo aro markaziy kuch, asosiy o‘zak bo‘lib kelganimizdan, buyuk Temur ta’biri bilan aytganda, “turkning bosh bo‘g‘ini” ekanimizdan dalolat. Boshqa tomondan esa shevalar – milliy boyligimiz, bitmas-tuganmas xazinamiz. Faqat olimlarimiz tuzukroq tadqiqot olib borib, turfa lahjalardagi so‘zlarni “shevaga xos so‘zlar”, deya itqitmasdan, qo‘rqmay adabiy tilga kiritishlari, izlanishlar olib borishlariga to‘g‘ri keladi. Bu bilan til g‘ariblashib qolmaydi, aksincha, millatni birlashtirib turgan adabiy tilimiz boyiydi.

Ana endi davlat tili masalasiga kelsak, YUNЕSKO ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zi dunyoda qariyb 7 mingga yaqin til mavjud, lekin ulardan faqat 200 ga yaqini davlat tili maqomiga, nufuziga ega. Shular qatorida – jahon miqyosida 60 millionga yaqin odam so‘zlashib kelayotgan go‘zal va jozibali til – o‘zbek tilining ham borligi biz uchun g‘urur.

Mundoq o‘ylab qaralganda, mustaqilligimizning asosi, poydevori ham aynan milliy tilga yuksak maqom berilgan onlardan boshlab qo‘yilgan. Aynan mustaqillik ostonasida davlat tiliga huquqiy maqom berish masalasi kun tartibiga chiqqandi. Lekin o‘sha yillari ham millatning o‘zligini tanishini istamagan – tashqi, tan olib aytaylik, ichki manqurt kuchlar ham bu masalaga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqishgan. Aniq esimizda bor, o‘shanda “sixni ham, kabobni ham kuydirmaydigan” tarzda, o‘ta ilimiliq bir hujjat, ya’ni “Tillar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini zo‘r-bazur muhokamaga qo‘yishgan edi.

Aynan Islom Karimov 1989 yilning yozida hokimiyatga kelgach, “Biz o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish yo‘lida harakat qilayapmiz-ku, bu maqsad qonun nomidan ham bilinib turishi lozim emasmi”, deya masalani ko‘ndalang qo‘ygan. Shundan so‘ng Birinchi Prezident tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi bilan, 1989 yil 21 oktyabr kuni “Tillar to‘g‘risida”gi emas, aynan “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. O‘zbekiston hali Sho‘rolar Ittifoqi tarkibida bo‘lgan, milliy madaniyat va ma’naviyatni, til mavzularini ko‘tarish millatchilik deya baho berilgan bir paytda bunday qarorning qabul qilinishi tom ma’noda jasorat edi. Aynan Islom Karimovning siyosiy irodasi, shijoati va qat’iyati tufayli tariximiz, qadriyatlarimiz tiklanishida, milliy o‘zlikni chuqur anglashda muhim omil bo‘lgan mazkur loyiha amalga oshirildi.

Shu o‘rinda yana bir haqiqatni aytib o‘tish lozim bo‘ladi. Ochig‘i, Islom Karimov dastlab O‘zbekiston rahbarligiga kelgan chog‘larda o‘z fikrini o‘zbek tilida ravon bayon qila olmagan. Chunki ta’limni ham ruschada olgan, azbaroyi Sho‘rolar davridagi muhit ta’sirida keyinchalik egallagan vazifalarida ham o‘sha tilga ustuvorlik berilgandi-da.

O‘sha yillari Islom Karimov o‘zidagi bu kamchilikni tuzatishga jiddiy kirishgan ekan. Safdoshlarining xotirlashlaricha, Islom Abdug‘aniyevich fikrini o‘zbek tilida ifodalash, notiqlik mahorati ustida tinimsiz mashq qilgan, ko‘plab o‘zbek tilidagi kitoblarni o‘qib chiqqan. Bu borada esa unga mutaxassislar va tilshunoslar yaqindan ko‘mak berishgan.

Natijani esa hammamiz yaxshi eslaymiz – Islom Karimov keyin-keyin, yillar osha nafaqat o‘zbekcha gapirish, balki lutfu qochirimlar, maqolu matallarni ham qo‘shib, tilning “alifu lom”ini, “zeru zabar”ini o‘rniga qo‘yib, uncha-muncha tilshunosni ham aro yo‘lda qoldiradigan bo‘ldi. Shu bois bo‘lsa kerak, mustaqillik yillarida yurtimizdagi adabiyot, ilm-fan va madaniyat ahli, tilshunoslarimiz yillar osha o‘zgacha qadr va e’zoz topdi.

So‘ngroq, mustaqil davlatchilikdagi milliy qonunchilik, iqtisod, mafkura masalalarini, ichki va tashqi siyosatni yuritish kabi bosqichning har birida aynan milliy til va uning qadri masalasi alohida o‘rin tutib, asosiy mezonlardan biri bo‘lib turdi.

2016 yilning 13 mayida Birinchi Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmon ham millatning madaniy hayotida g‘oyat ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi.

Til masalasiga, uning milliy davlatchilikdagi tengsiz o‘rniga bugungi kunda ham eng ustuvor vazifalardan biri sifatida qarab kelinayotir. Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan jahonning eng nufuzli tashkiloti – BMT minbaridan turib, aynan o‘zbek tilida nutq irod qilganining o‘zi qanchalik buyuk, asrlar davomida kutilgan voqea emasmi. Qolaversa, 2020 yil 10 aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga asosan, 21 oktyabr mamlakatimizda – O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.

Zotan, Yangi O‘zbekiston poydevori yaratilayotgan ayni shiddatli davrda xalqimiz tafakkurining bebaho xazinasi bo‘lmish o‘zbek tilini asrab-avaylash va rivojlantirish – bugunning eng sharafli vazifalaridan biriga aylangani rost. Biz tilning qadrini yuksaltirib, uning sha’nini ko‘klarga ko‘tarib qo‘ysak, uni, ayrim ziyolilarimiz da’vat qilganidek, majburlab o‘rgatishga ham hojat qolmaydi. Avvalo o‘zimizdan boshlaganimiz ma’qul. Zero, ajdodlardan meros buyuk ona tilimiz bunga muhtoj ham emas!

F.Qurbonboyev fotosuratlari