ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

MDH DAVLATLARI VAKILLARI – MAJMUA MЕHMONI


16.10.2025

Joriy yilning 14-18 oktyabr kunlari O‘zbekistonda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi ishtirokchi mamlakatlar penitensiar xizmatlari rahbarlari kengashining X yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Hamdo‘stlik doirasida faoliyat yurituvchi mazkur Kengashga bundan 10 yil avval asos solingan bo‘lib, uning asosiy vazifasi – MDHga a’zo davlatlar o‘rtasidagi jazoni ijro etish xizmatlarining o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish hisoblanadi.
15 oktyabr kuni Kengash yig‘ilishi ishtirokchilari protokol dasturiga muvofiq Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy Yodgorlik majmuasiga tashrif buyurishdi. Mehmonlar orasida – MDH Ijroiya qo‘mitasi xavfsizlik sohasidagi hamkorlik bo‘yicha departament rahbariyati, Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning Jazoni ijro etish bo‘yicha – ular to‘g‘ridan to‘g‘ri hukumatga yoki Ichki ishlar, Adliya tizimlariga bo‘ysunuvi va yoxud Federal darajadagi maqomga ega bo‘lishidan qat’iy nazar, barcha darajadagi xizmatlari rahbarlari hamda vakillari bor edi.

Majmua rahbari Temur Shirinov mehmonlarni kutib olarkan, ularga –maskanning yaratilish tarixi, Islom Karimov davlat rahbari sifatidagi ongli umrining salmoqli qismini aynan shu yerda kechirgani va tabiiyki, O‘zbekiston uchun tarixiy ahamiyatga ega qarorlar ayni shu binoda qabul qilingani, bugunga kelib, mazkur inshootning – aynan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan – Mustaqillik asoschisi nomi bilan ataladigan ilmiy-ma’rifiy majmuaga aylantirilgani to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Shundan so‘ng anjuman qatnashchilariga Islom Karimov hayoti va faoliyati bilan bog‘liq hujjatli film namoyish etildi.
Hamdo‘stlik davlatlaridan kelgan mehmonlar shuningdek, Yodgorlik majmuasining Ko‘rgazmalar zalida ham bo‘lib, “Butun olamni jo qilgan yurak” nomli galereya hamda uning negizida namoyishga qo‘yilgan Birinchi Prezidentimizning hayoti va faoliyatiga oid turli san’at asarlari – kartinalar, portretlar, fotolar, peyzaj va haykaltaroshlik namunalari bilan yaqindan tanishishdi.

F.Qurbonboyev va T.Qurbonboyev fotosuratlari