ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

MARD VA QAT’IYATLI INSON YODI


27.01.2025

Birinchi Prezident... Mamlakat mustaqilligi poydevorini qo‘ygan shaxs, buyuk yo‘lboshchi, pragmatik siyosatchi, suveren davlat Qurolli kuchlarining birinchi Oliy bosh qo‘mondoni... Bu favqulodda inson fenomeni hali ko‘p izlanishlarni talab etadi. Shundan bo‘lsa kerak, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida faoliyat yuritayotgan ko‘rgazmalar zaliga tashrif buyurayotgan yuzlab hamyurtlarimiz va mehmonlarning keti uzilmaydi.

Shu kunlarda esa bu maskanga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi professor-o‘qituvchilari mehmon bo‘lishdi. Ular “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasidagi Islom Karimov obrazini yaratgan mo‘yqalam ustalarining va haykaltaroshlarning ijod mahsullarini hamda  tarixiy fotosuratlarni g‘oyat katta qiziqish bilan tomosha qildilar.

Tohir Burxonov – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi “Harbiy psixologiya va pedagogika” kafedrasi professori:

Biz Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga – mamlakatimiz mustaqil davlat bo‘lib, o‘zligini namoyon qilishining ilk davrlari haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lish maqsadida kelgan edik. Bu yerda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidentining matonati, shijoati, yurti uchun jonkuyarligi, mardligi, qat’iyati to‘g‘risida betakror ma’lumotlarning guvohi bo‘ldik. Fursatdan foydalanib, ushbu marosimni uyushtirgan va bizga hamrohlik qilgan barchaga o‘z minnatdorchiligimizni izhor qilmoqchiman.

Tanishuv so‘ngida xotirasi xalqimiz ardog‘ida bo‘lgan mard va qat’iyatli inson yodi mangu hisoblanib, u barchamiz uchun buyuk ibrat namunasi bo‘lib qolishi mehmonlar tomonidan yakdillik bilan e’tirof etildi.

T.Qurbonboyev fotolari