ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

MAJMUADA BAYRAM SHUKUHI


28.08.2026

35 yil... Millatimiz taqdiridagi, uning qiyofasi va istiqbolini tubdan o‘zgartirgan burilish onlariga shuncha yil to‘libdi. Tarix mezoni bilan o‘lchaganda xiyla kamtar bo‘lgan ushbu davr xalqimiz hayotida – matonat, fidoyilik va bunyodkorlikka yo‘g‘rilgan yaxlit bir epopeya, mashaqqatli va sharafli yuksalish yo‘li bo‘ldi.

“Men shu bugundan e’tiboran, 1 sentyabrni jumhuriyatimizda Mustaqillik kuni – umumxalq bayrami deb e’lon qilishni taklif etaman”.

Har yili ayni shu kunlari televidenie, radio, ijtimoiy tarmoqlar orqali qayta-qayta eshitadiganimiz – O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ayni so‘zlarini tinglaganda, yurak qaytadan orziqib ketadi. Va har safar 35 yil oldin kechgan o‘sha dolg‘ali, o‘sha farahbaxsh onlar – yaqin tarix qatlari aro ko‘z o‘ngingda bor bo‘y-basti bilan gavdalanaveradi.

Gap – bu takror uqtirilgan ta’kidlarda emas. Gap – ayni sana-yu voqeliklarni – tarixni tilga kirdirmoq qasdida, solnoma tarzida bitish shartligida ham emas. Gap shundaki, o‘tgan 35 yil mobaynida bu bayram ham, bu sana ham – e’tiqodimizning ajralmas bir qismiga aylanib ulgurdi, qadriyatimizdan, siyratimizdan sira o‘chmas bo‘lib o‘rin oldi. Balki bugungi yosh avlod shuncha yil muqaddam kechgan voqealarni tasavvur qila olmas, balki mustaqillik davrida tug‘ilib, kamolga etayotgan yoshlar mustabid tuzum neligini bilmas. Azbaroyi o‘shalarning istiqboli, tarbiyasi uchun ham bu ayyomni har qancha sharaflasak oz.

   

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir avvalida majmua rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov yig‘ilganlarni ulug‘ ayyom bilan qutlab, millatimiz hamisha taraqqiyotning yuksak cho‘qqilariga, ziyoga intilib yashaganini, mustaqil, Yangi O‘zbekiston shoni shuhratlarga burkangan buyuk o‘tmishi, bugungi shiddatli taraqqiyoti bilan kelajak ufqlariga yuz tutayotganini, Vatanni hurlikka, ozodlikka olib chikish kabi tarixiy vazifa esa Islom Karimov chekiga tushganini, Birinchi Prezidentning o‘zbek xalqi oldida qilgan xizmatlariga tarixiy baho berish lozim bo‘lsa, aynan shu, millatimiz taqdirini o‘zgartirib yuborgan Mustaqillik kuni zalvori bilan o‘lchanmog‘i lozimligini ta’kidladi.

Tadbirda chiqish qilgan majmua Vasiylik kengashining a’zosi, Birinchi Prezidentning rafiqasi Tatyana Karimova esa 35 yil oldingi o‘sha hayajonli, mushkulot va sharaflarga to‘la yillarni xotirlarkan, ozodlikning dastlabki yillari mamlakat barqarorligi va xavfsizligini mustahkamlash bilan xotirlansa, istiqlolimizning so‘nggi o‘n yilligi mamlakatimiz hayotida chinakam uyg‘onish, shiddatli yangilanish va misli ko‘rilmagan islohotlar davri sifatida muhrlanayotgani borasida so‘z yuritdi.

   

Tadbirda ​​​​​​​majmua xodimlaridan bir guruhiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Farmoni bilan ta’sis etilgan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni topshirildi.

Tadbir davomida shuningdek, bayram munosabati bilan alohida fidoiylik bilan mehnat qilgan ishchi va xizmatchilarga Islom Karimov nomidagi majmuaning tashakkurnomasi taqdim etildi.

Taqdirlanganlar ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorlik izhor etib, ushbu yuksak e’tirofni kelgusidagi faoliyatlari uchun yanada katta mas’uliyat va ishonch sifatida qabul qilishlarini aytishdi.

Darvoqe, ulug‘ bayram shukuhi davom etayotgan shu kunlarda mustaqilligimiz asoschisi Islom Karimov xonadonida, uning xotirasiga bag‘ishlanib, ehson dasturxoni yozildi. Ulug‘ inson ruhi pokiga atab, duoi fotihalar o‘qildi.

Bu ne sinoat, ramziylik bo‘ldiki, bugun – har qancha sharaflasak ham ozlik qiladigan buyuk bayramimiz arafasida – Istiqlol asoschisi nomini ham, mana, 10 yildan buyon xotirlay boshladik. Darvoqe, bir necha o‘n yillar oldin uning o‘zi 31 avgustni – “Qatag‘on qurbonlari xotirasi kuni” sifatida belgilab bergan edi. Ajab uyg‘unlik: bira to‘la uchta sana. Sana bo‘lgandayamki..

Umrni shu Vatan va uning saodati yo‘lida tikish bo‘lsa, shunchalar bo‘lar!..

Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni eng ulug‘, eng aziz bayramimiz bilan samimiy qutlaymiz!

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!