ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

MAJMUA XODIMLARINING SAMARQANDGA ZIYORATI


01.06.2026

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan muqaddas Qurbon hayiti munosabati bilan e’lon qilingan qo‘shimcha dam olish kunlaridan unumli foydalangan tarzda, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasining bir guruh xodimlari ko‘hna va boqiy shahar – Samarqandga ziyorat qilishdi.

Ular dastavval Xo‘jai Xizir majmuasidagi Birinchi Prezident mangu orom topgan maqbarada uning ruhi pokiga Qur’on tilovat qilishdi. Shundan so‘ng mehmonlar Samarqandda qad ko‘targan Islom Karimov haykalini ziyorat qilib, o‘tgan asrning 50-yillarida u ta’lim olgan – shahardagi 21-sonli umumta’lim maktabida bo‘ldilar.

Ma’lumki, mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan tamomila yangidan bunyod etilib, joriy yil bahorda, muqaddas Ramazon hayiti arafasida ochilgan Imom Buxoriy majmuasi – o‘zining ulug‘vorligi, muhtashamligi bilan Samarqandning, yangi O‘zbekistonning durdonasi bo‘lib qad rostladi. Maydoni 45 gektarli bu maskanda 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, 154 ustunli, milliy uslubdagi muhtasham ayvon qurildi. Qadamjodagi 14 ta moviy gumbaz, 75 metrlik 4 ta minora unga ulug‘vor qiyofa bag‘ishlab turibdi.

Mazkur majmua, qolaversa, har bir g‘ishti ko‘hna moziy asrorlaridan hikoya qilib, asriy tamaddunlarga guvoh – Samarqandning gavhari bo‘lmish – qadim Registon maydoni ham majmua xodimlarida ulkan taasurot qoldirdi.