Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida – Birinchi Prezident xotirasiga bag‘ishlangan navbatdagi haftalik doirasida o‘tgan yakunlovchi tadbir aynan shunday nomlandi. Bu nomning bejizga tanlanmaganiga – uning tafsiloti bilan tanishgach, Siz ham amin bo‘lishingiz mumkin. Voqealarni esa xronologik tartibda bayon qilamiz.
Dastavval majmua xodimlari tadbir ishtirokchilari bilan birgalikda Oqsaroy qarorgohi oldida qad ko‘targan Islom Karimovning muhtasham haykali poyiga gul qo‘yib, Birinchi Prezident xotirasiga hurmat bajo keltirishdi.
![]() |
![]() |
Shundan so‘nggi voqealar Islom Karimov nomi bilan ataluvchi kutubxonaning anjumanlar zaliga ko‘chdi. Avvalo aytib qo‘yish lozimki, rasmiy nomi “Mahalla – ezgulik va hamjihatlik maskani” deya atalgan tadbir dasturida u – “davra suhbati” deya tavsiflangan bo‘lsa-da, tadbirdagi hukm surgan samimiyat, ehtiros va haroratli fikrlarni tinglab, buyuk inson xotirasiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy anjuman, xotira kechasi, deb atash mumkin.
Ana endi tadbirga nega bu nom tanlanganiga izoh beramiz. Xalqimizni mahalladan, mahallani esa xalqimizdan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. O‘zbek bor ekan, mahalla bilan tirik. Mahalla-ko‘y deymiz, murg‘akligimizda bog‘cha-yu maktabga ham, ulg‘aygan chog‘da ish va bozor-o‘charga ham mahalladan yurib boramiz. Yaxshi-yomon kunlarimiz, bosh ko‘tarib, el-yurtga aralashib yurishimiz ham mahalla bilan. “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, “Otang mahalla, onang mahalla”... Bu kabi o‘lmas tushuncha va qadriyatlar aynan mahallada ruhimizga singgan, qalbimizdan joy egallagan. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, mahallaning nufuzi va mavqeini yuksaltirib, uning qonuniy asoslariga tamal toshini qo‘ygan shaxs esa – aynan Islom Karimov bo‘ladi. Qolaversa, joriy yil may oyida mamlakatimizda mahalla fuqarolar yig‘inlari saylovi o‘tkazilgan, ularda yurtdoshlarimiz o‘zlari tanigan, tan olgan nomzodlarga ovoz berib, ularni saylashdi.
Tadbirni ochib, unga moderatorlik qilgan majmua rahbari, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov ta’kidlab aytganidek, millat – aynan mahallada tug‘iladi, shu maskanda tarbiyalanadi. Bu haqiqatni esa millatimizni istiqlol yo‘liga olib chiqqan Islom Karimov o‘z vaqtida anglab yetgan va sa’y-harakatlarini mazkur maqsadga yo‘naltirgan edi.
Majmua Vasiylik kengashi a’zosi, Birinchi Prezidentning rafiqasi Tatyana Karimova o‘z chiqishida bu fikrlarni mantiqan davom ettirib, Islom Abdug‘aniyevich ham hamma qatori, xonadonining eshigi barcha uchun lang ochiq bo‘lgan, devor-darmiyon qo‘shni – qarindoshdan ko‘ra yaqin bo‘lgan muhitda voyaga yetganini, uning ko‘z o‘ngida mahalla mudom katta bir oiladek, qayg‘uda ham, shodlikda ham suyanchiq sifatida shakllanib qolgan go‘sha bo‘lib qolganini, ayni tasavvur va tushunchalar uning bevosita faoliyati davomidagi ishlarida ham, imzolagan Farmonlarida ham o‘z ifodasini topganini hayotiy misollar bilan so‘zlab berdi.
Shundan so‘ng namoyish qilingan, Islom Karimovning bevosita mahalla haqidagi jonli mulohazalari hamda samimiy lahzalar aks etgan hujjatli film anjuman ishtirokchilarida g‘oyat iliq taasurot qoldirdi.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Tadbirdagi ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etgan – yuridik fanlar doktori Foziljon Otaxonov, Respublika Mahallalar uyushmasi vakili Gulnora Yo‘lchiyeva, Toshkent davlat yuridik universiteti professori Feruza Muhiddinovalar o‘z chiqishlarida – Islom Karimovning mahalla instituti rivoji bo‘yicha amalga oshirgan islohotlari bugun ham izchil davom etib, tobora takomillashtirilayotgani, mamlakatdagi 9500 dan ortiq mahallada 10 mln.dan ziyod oilaning tinch va farovon umrguzaronlik qilayotgani ayni shu siyosatning nechog‘li samarali ekanligidan dalolat berishi, mahalla – yangi O‘zbekistondagi islohotlar ko‘zgusi va xalq roziligining oltin ko‘prigi vazifasini o‘tayotgani to‘g‘risida so‘z yuritishdi.
Kechada so‘z olgan mahalla, ma’naviyat va ma’rifat markazi faollari, xorijiy mehmonlar, DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi vakillari, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti hamda O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi talaba-yoshlari – buyuk inson xotirasi bilan bog‘liq haroratli mulohazalarini bayon qilishdi, shuningdek, o‘zlari bitgan she’rlardan namunalar o‘qishdi.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Tadbir yakunida ilmiy ishlari va tadqiqotlari bilan hamkorlik qilgan ishtirokchilarga majmua nomidan “Islom Karimov – Mustaqil O‘zbekiston asoschisi” nomli kitob-albom hamda tashakkurnomalar topshirildi.
Anjumanda mehmonlardan biri g‘oyat o‘rinli tarzda qayd etganidek, insonning ulug‘ligi uning bo‘y-basti bilan o‘lchanmaganidek, millatning ulug‘ligi uning sanog‘i bilan belgilanmaydi. Har qanday millatning tolei buyukligi – uning peshonasiga xalqni hurlikka, ozodlikka chiqargan shaxs bitganidadir. Bunday insonlar xotirasi esa mangulikka daxldor!
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Majmua matbuot xizmati
Temur Qurbonboyev fotosuratlari