ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

KUTUBXONADAGI SAMIMIY UCHRASHUV


04.08.2026

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida majmua tarkibidagi Islom Karimov nomidagi kutubxonada O‘zbekiston Milliy universitetining bir guruh talabalari ishtirokida ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Universitetning eng yangi tarix kafedrasi o‘qituvchisi Davlatbek Raxmonberdiev tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu tadbirda O‘zMUning xorijiy filologiya, jurnalistika va o‘zbek filologiyasi, matematika, iqtisodiyot fakultetlari hamda ijtimoiy fanlar fakulteti yurisprudensiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishdi.

Dastlab talaba yoshlar uchun kutubxona bo‘ylab ekskursiya uyushtirilib, ularga ziyo maskani tarixi, ish tartibi, boy resursga ega kitob fondi xaqida ma’lumot berildi. Islom Karimovning bevosita o‘z asarlari hamda tarixchi, faylasuf, siyosatshunos olimlar tomonidan Birinchi Prezident hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab yozilgan badiiy adabiyotlar, ilmiy nashrlar, shuningdek, Islom Karimov shaxsiy arxividan – Tatyana Karimova tomonidan tuhfa qilingan – jahonning turli mamlakatlari etakchilari va siyosatchilari dastxatlari bitilgan noyob kitoblar, xorij davlatlariga safarlar davomida sovg‘a qilingan kitoblar ilmga chanqoq yoshlarda g‘oyat katta taasurot qoldirdi.

Tadbir davomida talabalarga Birinchi Prezident xotirasiga bag‘ishlab tayyorlangan videofilm namoyish etildi, shundan so‘ng anjumanlar zalining o‘zida “Islom Karimovni xotirlab” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Talabalar Islom Karimovning “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari”, “Yuksak ma’naviyat – engilmas kuch” kabi va boshqa asarlarini o‘qiganliklarini, mustaqillik asoschisi tomonidan o‘z vaqtida ilgari surilgan “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart” degan g‘oya asosida yoshlarga yaratib berilgan shart-sharoitlar, fan, ta’lim, madaniyat va sportga ko‘rsatilgan e’tibor haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdilar.

Shuningdek, yosh avlod vakillari tomonidan Yangi O‘zbekistonda ertamiz egalariga – huquqiy kafolatlarni yaratishdan tortib, sifatli bilim olish, kasb-hunar egallash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, shaxs sifatida kamol topib, farovon kelajakni bunyod etishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilganligi, bularning barchasiga esa mustaqillikning ilk yillarida tamal toshi qo‘yilgani to‘g‘risida fikr bildirildi.

G‘oyat samimiy va o‘zgacha bir ko‘tarinki ruhda o‘tgan uchrashuvdan so‘ng – kelajagimiz ishonchli qo‘llarda ekaniga, bundan 35 yil avval ezgu umidlar bilan qadalgan nihollar unib chiqib, bugun azamat daraxtlarga aylanayotganiga, millatni ozodlik yo‘liga boshlab chiqqan inson yodi avlodlar osha xotiralarda abad qolishiga yana bir bor ishonch hosil qilish mumkin.

F.Qurbonboev fotosuratlari