ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

“KONSTITUTSIYA – ERKIN VA FAROVON HAYOT GAROVI!”


27.11.2024

Konstitutsiya – davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy rivojlanishi, milliy mustaqillik hamda demokratik taraqqiyotining huquqiy poydevori. Mazkur bosh siyosiy-huquqiy hujjatda – inson, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarning asosiy prinsiplari o‘rnatiladi, qolaversa, inson va fuqaroning davlat tomonidan qo‘riqlanadigan huquq va erkinliklari mustahkamlanadi. Ma’joziy ma’noda aytganda, u – mamlakat pasporti hisoblanadi.

Bundan 32 yil avval, 1992 yil 8 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan edi. Shu kundan boshlab, 8 dekabr – umumxalq bayrami sifatida nishonlanib kelinmoqda. Mazkur bayram arafasida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida “Konstitutsiya – milliy mustaqillik va demokratik taraqqiyotning huquqiy poydevori” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ilmiy anjuman davlatimiz Prezidentining 2024 yil 17 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoyishiga asosan,  “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkazildi.

Mustaqil O‘zbekistonning ilk Konstitutsiyasi qabul qilinishida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning xizmatlari beqiyos. U bosh Qomus yaratilishi jarayonlariga bevosita rahbarlik qilib, ko‘plab rivojlangan davlatlar, jumladan, AQSH, GFR, Yaponiya, Kanada, Fransiya, Portugaliya, Italiya, Shvetsiya, Turkiya, Ispaniya, Hindiston, Pokiston, Misr kabi  mamlakatlar asosiy qonunlarini shaxsan o‘zi batafsil o‘rganib chiqdi. Shu bilan birga, tarix va milliy qadriyatlarga ham alohida e’tibor qaratdi. Muhokamalarda esa Islom Karimovning o‘zi o‘nlab moddalarga shaxsan ishlov berib, 77 ta prinsipial o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritgan.

O‘sha damlarda Islom Karimov bilan birga Konstitutsion komissiya a’zosi sifatida bevosita yelkadosh va hamfikr bo‘lgan – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016 yilning 7 dekabr kuni shunday fikrlarni bildirgan edi: “Konstitutsiyaning yaratilishi va hayotimizga tatbiq etilishida zamonamizning buyuk davlat arbobi, ulug‘ yo‘lboshchimiz, muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xizmati beqiyos ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Xalqimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi va butun hayotini tubdan o‘zgartirgan ushbu muhim siyosiy hujjatni ishlab chiqishda Islom Abdug‘aniyevichning konseptual ahamiyatga ega, teran fikrlari mustahkam zamin bo‘ldi”.

2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendum asosida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. U Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy taraqqiyotning tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Bevosita Yodgorlik majmuasida o‘tgan anjumanga qaytadigan bo‘lsak, tadbirda olimlar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan Majmua rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov o‘z chiqishida tarixchi olim sifatida – kishilik jamiyatining tarixiy jarayonlarida mamlakatni boshqaruvchi asosiy qonunning ahamiyati, “imperator Konstitutsiyasi” deb atalgan qonunning qadimgi Rimdayoq ma’lum bo‘lgani, jonajon tariximizga murojaat qiladigan bo‘lsak, uch ming yillik milliy davlatchilik tajribasida – qadimgi Xorazm va So‘g‘diyona, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Temur va Temuriylar, o‘zbek xonliklari davrida ham jamiyat o‘ziga xos qonunlar asosida boshqarilgani, Sohibqiron “Tuzuklar”i esa – Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega bo‘lgani, bugungi bosh qomusimiz ana shu milliy qadriyatlarni ham o‘zida mujassam etgan hujjat ekanini ta’kidladi.

Ilmiy ma’ruzalar bilan qatnashgan anjuman ishtirokchilari – O‘zbekiston Konstitutsiyasining yaratilishi tarixi, huquqiy asoslari, uning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, Konstitutsiya normalari to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishining ahamiyati, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, unga kiritilgan asosiy o‘zgarishlar, ijtimoiy davlat va uning asosiy prinsiplari, shuningdek, O‘zbekiston va rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyalarida ijtimoiy davlat konsepsiyasining ifodalanishi, mustaqil O‘zbekiston konstitutsiyasi va rivojlangan demokratik davlatlar konstitutsiyalari o‘rtasidagi uyg‘unliklar borasida fikr yuritdilar. Davra suhbati savol-javoblar asosidagi qizg‘in muhokamalarga boy bo‘ldi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Birinchi Prezident asarlari, ilmiy, tarixiy va badiiy nashrlar saqlanadigan Islom Karimov nomidagi kutubxona, Ko‘rgazmalar zali faoliyati va undagi “Butun olamni jo qilgan yurak” ekspozitsiyasi bilan tanishdilar.

Talaba-yoshlar va tadqiqotchilar Islom Karimov nomidagi kutubxonaga a’zo bo‘lishdi. Faol ishtirokchilarga Majmua nomidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

F.Qurbonboyev fotolari