ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

XOTIRA CHIROG‘I O‘CHMAYDI


23.12.2025

“Oqsaroy” qarorgohida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi Homiylik kengashi a’zosi, Birinchi Prezident rafiqasi Tatyana Karimovaning O‘zbekiston “Veteran” jangchi faxriylar va nogironlar birlashmasi Toshkent shahar kengashi raisi maslahatchisi, mayor Bahodir Zuhurov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda majmua rahbari Temur Shirinov hamda tashkilot xodimlari ishtirok etishdi. Harbiy veteranga hamrohlik qilib kelgan uning nevarasi Muhammadzuhur ham bobosi kabi askar bo‘lishni, yurtiga, xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishni orzu qiladi.
G‘oyat iliq va samimiy muhitda kechgan suhbatda oddiy, ayni damda muhim qadriyatlar – tinchlik, ezgulik va adolat mavzularida so‘z bordi. B.Zuhurov Birinchi Prezident, Qurolli Kuchlarimizning ilk Oliy Bosh qo‘mondoni rahnamoligida milliy armiya va huquq-tartibot idoralari qanday shakllantirilib, mudofaa qudrati mustahkamlangani, mamlakat rahbarining oqilona va o‘z vaqtida qabul qilgan qarorlari natijasida millatlararo va dinlararo nizolarning oldi olinishiga erishilgani haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
Mehmonning fikriga ko‘ra, bu jarayonlarning barchasida Birinchi Prezident rafiqasining o‘rni ayniqsa, katta. Zero, u mustaqillikning eng og‘ir, sinovli ilk yillarida ham Islom Karimov yonida, uni mudom qo‘llab-quvvatlab turdi. Butun mamlakat taqdiri uchun mas’ul shaxsga yaqin bo‘lish degani – qat’iyat, iroda va sobit ishonchni baxshida qiladigan turmush tarzidir. Shunday kechgan umrni ham bemalol harbiy xizmat bilan tenglashtirish mumkin.


Uchrashuv davomida Bahodir Zuhurov Tatyana Karimovga O‘zbekiston “Veteran” jangchi faxriy va nogironlar Birlashmasining ko‘krak nishoni va o‘z muallifligidagi “O‘zbek Vatan himoyachilari sulolasining nasabnomasi” kitoblarini taqdim etdi.
O‘z navbatida mehmonga ham Yodgorlik majmuasi tomonidan nashr etilgan kitoblar hamda mustaqil davlat asoschisi tavalludining 80 yilligi munosabati bilan muomalaga chiqarilgan esdalik markalari sovg‘a qilindi.
Fotosuratlar, samimiy tilaklar, rag‘batga undovchi so‘zlar – bularning barchasi harbiylar oilasining ikki avlodi qalbida abadiy xotira sifatida saqlanib qolajak.

T.Qurbonboyev fotosuratlari