Mana ikki yildirki, O‘zbekiston ichki ishlar Akademiyasida – xorijiy davlatlar ichki ishlar idoralari (ularni polisiya deb ham atashadi) uchun ham kadrlar tayyorlanib, ularning malakasi oshirilmoqda. Akademiyada Xorijiy fakultet tashkil etilgan. Bu tizim O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2023 yil 18 avgustdagi qarori asosida yo‘lga qo‘yildi.
Akademiyaning Qirg‘iziston hamda Tojikistonlik kursantlari fakultet rahbariyati hamrohligida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida mehmon bo‘lishdi.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Ma’lumki, Ichki ishlar Akademiyasiga aynan O‘zbekiston ning Birinchi Prezidenti qarori bilan 1994 yil 2 sentyabrda asos solingan edi. O‘sha suronli yillarda Tojikiston va Qirg‘izistondagi notinch vaziyatlarni barqarorlashtirishda Islom Karimovning hissasi beqiyosligini bugun qo’shni davlatlardagi odamlar yaxshi eslashadi. Xorijiy kursantlarga, “Butun olamni jo qilgan yurak” ko’rgazmasi bilan yaqindan tanishuv asnosida, eng qiyin va murakkab pallada O‘zbekiston mustaqilligiga asos solib, uni turli ofatlardan omon olib chiqqan, shu bilan birga, mintaqadagi tinchlik va xavfsizlik yo’lida beqiyos hissa qo’shgan birinchi Oliy Bosh qo‘mondonning mushkulot va sharaflarga to’la umri to’g’risida hikoya qilib berildi.
Ko‘rgazmadagi Islom Karimov hayoti va faoliyatiga oid turli san’at asarlari – kartinalar, portretlar, fotolar, peyzaj va haykaltaroshlik namunalari bo’lg’usi mehmonlarda g’oyat katta taasurot qoldirdi va bu fikrlar ular tomonidan – mehmonlar dastxatlari uchun yuritilgan maxsus kitobda yozilgan taasurotlarda ham aks etdi.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
T.Qurbonboev fotosuratlari









