ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Xalqaro anjuman qatnashchisi Yodgorlik majmuasida


13.08.2018

7-8 avgust kunlari Toshkentda «O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari» mavzusida 25 davlat vakillari ishtirokida xalqaro anjuman o‘tkazildi.

 

Yozuvchi, shoir, tarjimon va adabiyotshunoslar qatorida, Anqara shahridagi G‘ozi universitetining o‘zbek adabiyoti o‘qituvchisi, filologiya fanlari doktori, professor Fatma Achik ham anjumanda ishtirok etdi.

Fatma xonim O‘rta Osiyoda jadidlar harakati tarixi, jadidlar adabiyoti bo‘yicha xalqaro miqyosda yirik mutaxassislardan biri sanaladi.

 

O‘zbek milliy madaniyati va adabiyotiga nisbatan juda katta hurmat bilan qaraydigan turkiyalik olima, benazir merosimizning qadrini hamisha ulug‘lab kelgan.
Fatma Achik poytaxtimizga bu galgi safari davomida Islom Karimov nomidagi Yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi.

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti haykali poyiga gullar qo‘yib uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasini katta qiziqish bilan tomosha qilgan Fatma xonim, ekspozitsiyadan o‘rin egallagan, Turkiyalik rassom Chigdem Buchak Tellining «Baxtli bolalik kafolati» nomli asarini ko‘rib hayratini yashira olmadi.

«Islom Karimovdek buyuk insonning obrazini yaratgan mo‘yqalam ustalari qatoridan mening vatandoshim ham o‘rin egallab turgani qalbimda quvonch va g‘urur tuyg‘ularini uyg‘otdi»,-dedi Fatma Achik. U o‘z taassurotlarini faxriy mehmonlar kitobida yozib qoldirgan dastxatda ifoda etdi.