6 aprel kuni Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida an’anaviy uchrashuv va ochiq mashg‘ulot o‘tkazildi.
Tadbir qatnashchilari Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘yib Birinchi Prezidentimizning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. «Butun olamni jo etgan yurak» ko‘rgazmasini mehmonlar katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirishdi.
Buyuk ajdodimiz Amir Temur tavallud topgan kun munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasi rahbari Temur Shirinov, Islom Karimov nomidagi jamoatchilik fondi rahbari Botir Ubaydullayev, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev, G‘ofur G‘ulom uy muzeyi direktori Olmosxon Ahmedova hamda bir qator idoralarning mutasaddi rahbarlari va vakillari ishtirok etdilar.
«Amir Temurni anglash – o‘zligimizni anglash demakdir». Islom Karimovning ushbu purma’no iborasi muloqotning o‘ziga xos bosh g‘oyasiga aylandi.
So‘zga chiqqanlar tariximiz, tilimiz, dinimiz, ajdodlarimizning nomlari o‘z-o‘zidan xalqimizga, hayotimizga qaytarilmagani, buning ortida Mustaqilligimiz asoschisi Islom Karimovdek shaxsning jasorati, mardligi, vatanparvarligi mujassamligi haqida so‘z yuritdilar.
Tarixni bilmaganlarning kelajagi ham bo‘lmaydi. Tarix saboqlari ertangi kunimizni aniqroq ko‘rish, maqsadimiz sari dadil odimlashga undaydi bizni.
Shu bois ham, bugun yurtimizda ajdodlarimizning nomini ulug‘lash, tarixiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, yosh avlodni haqiqiy vatanparvar qilib voyaga yetkazish vazifalari ustuvor bo‘lib qolmoqda.
Poytaxt oliy o‘quv yurti talabalari va bir qator kollej o‘quvchilari ishtirok etgan uchrashuvda so‘zga chiqqanlar bu kabi fikrlarning amaliy tasdig‘ini hayotiy misollar yordamida ochib berdilar.
Uchrashuv jonli, savol-javoblarga boy, samimiy ruhda kechdi.