Joriy yilning 25 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi jamoasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganining bir yilligiga bag‘ishlandi.
Yodgorlik majmuasi rahbari Temur Shirinov o‘z so‘zida Majmuaning bir yillik faoliyatini qisqacha tahlil qilar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbusi bilan O‘zbekistonda ulkan davlat va siyosat arbobi, mustaqil O‘zbekiston asoschisi, mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
O‘zbek xalqining asriy an’analariga amal qilib, yuksak ma’naviy fazilatlarni namoyon etgan holda Samarqandda Islom Karimov maqbara majmuasining ochilishiga bag‘ishlangan marosimda Prezident Sh.M.Mirziyoyev alohida ta’kidlab o‘tgan edi: “Biz o‘zgalarga qaram bo‘lib yashagan mustabid tuzum davrida butun ongli hayotini el-yurt ravnaqiga bag‘ishlagan insonlar, avvalo, respublikamiz rahbarlari xotirasiga, afsuski, munosib izzat-ikrom ko‘rsatilmadi. Buning o‘rniga ularning sha’niga turli tuhmat va bo‘htonlar yog‘dirilganini keksa avlod vakillari, muhtaram faxriylarimiz hozirgacha afsuslanib eslaydilar.
Odamiylikni, inson xotirasini hamisha aziz va muqaddas deb biladigan bizning xalqimiz bunday adolatsiz ishlarni aslo qabul qilmaydi. Yurtimizda bunday noma’qul ishlarga endi hech qachon yo‘l qo‘yilmaydi”.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tuzilganiga roppa-rosa bir yil bo‘ldi.
Bu mamlakatimiz rahbarining butun sobiq sho‘rolar makonida davlatimiz Birinchi Yurtboshisining yorqin xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi” maqomi bilan maxsus davlat tuzilmasini yaratish bo‘yicha ilk qarori edi.
O‘tgan davr mobaynida Yodgorlik majmuasi tomonidan Nizomda belgilangan vazifalarni bajarish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Majmua Islom Karimovning ulkan shaxs, ochiq fuqarolik jamiyati va bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik davlat asoschisi va bunyodkori sifatidagi hayoti, ko‘p qirrali faoliyati va merosini o‘rganish bo‘yicha maqsadli, tizimli ishlar bilan shug‘ullanmoqda, shuningdek ilmiy-tadqiqot, ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatini amalga oshirib kelmoqda.
Yodgorlik majmuasi joylashgan manzil – uzoq yillar mobaynida Islom Karimov tinimsiz ishlab kelgan, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining “Oqsaroy” qarorgohi, ajoyib bog‘ bilan o‘ralgan. U poytaxtimiz aholisi va mehmonlarining sevimli joyiga aylangan.
“Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasi faxriy mehmonlari kitobida qoldirilgan yozuvlar ham chuqur mazmun-mohiyatdan darak beradi:
Hindiston Tashqi ishlar davlat vaziri Mobashar Djavad Akbar: “Bu ulkan sharaf va ehtirom kuni bo‘ldi – men ushbu davlatning yangi erasini yaratgan, milliy qahramon Prezident Islom Karimovning hayoti, ruhi, turmush tamoyillari, jasurligi va dunyoqarashiga nazarimni qarata oldim. Bu unutilmas voqea bo‘ldi. Tatyana Karimova bilan bo‘lgan uchrashuvim ham xotiramda uzoq vaqt saqlanadi. Men u kishining yuksak darajadagi mehmondo‘stligini, shuningdek o‘z turmush o‘rtog‘iga va o‘z mamlakatiga bo‘lgan muhabbatini hech qachon unutmayman. Prezident Karimovga nisbatan mening mamlakatimning chuqur ehtiromi va Bosh vazir Narendri Modining yuksak hurmati haqida yozuv qoldirishga ruxsat bergaysiz”.
Ozarbayjonning O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi G.Guliyev: “I.A.Karimovga bag‘ishlangan ko‘rgazma O‘zbekiston Birinchi Prezidenti hayoti va faoliyati haqidagi mazmuni bilan lol qoldiradi. Islom Karimov muzeyi yaratilishi “Xalq o‘z tarixini bilishi zarur” degan g‘oyaga to‘laligicha javob beradi. O‘zbekiston tarixi Amir Temur va Islom Karimov kabi buyuk shaxslarga boy. O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevga shunday muzey yaratish tashabbusi uchun yuksak insoniy minnatdorlik bildirish lozim deb hisoblayman”.
Yodgorlik majmuasi jamoasi yig‘ilishi ishtirokchilariga Homiylik kengashi a’zosi, mamlakatimiz Birinchi Prezidenti rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimovaning Yodgorlik majmuasi jamoasiga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Unda xususan ta’kidlanganidek, “Birinchi Prezidentimizning serqirra faoliyati hali o‘rganilishi lozim. Va vaqtning o‘zi uning qanday tarixiy shaxs ekanligini va suveren davlat yaratishga qo‘shgan hissasini anglash imkonini beradi”.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga mustaqil O‘zbekiston asoschisi Islom Karimovning yorqin xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha amalga oshirayotgan dono siyosati uchun minnatdorlik so‘zlari, shuningdek bundan buyon ham o‘zlarining barcha kuch-g‘ayratlari va tajribalarini mamlakatimiz rahbariyati tomonidan qo‘yilgan vazifalarni ado etishga safarbar qilishga tayyorligini izhor etishdi.