ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan tadbir


04.02.2019

2019 yil 30-yanvar kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda professor - o‘qituvchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi xodimlari, universitet faxriylari, universitet Yoshlar ittifoqi Boshlang‘ich tashkiloti faollari, talabalar ishtirok etishdi.

 

Universitet rektori, professor Sadriddin Turabdjanov o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning serqirra faoliyati haqida fikr bildirib, bu olijanob insonning O‘zbekiston mustaqilligiga erishishda ko‘rsatgan jonbozligi, istiqlolni mustahkamlash yo‘lida, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy tizimni yaratib, uning barqaror rivojini ta’minlashga qo‘shgan hissasi, murakkab jarayonlar kechayotgan bir davrda siyosiy makonda osuda hayotni ta’minlash yo‘lida amalga oshirgan harakatlari ibratli jasoratning namunasi ekanligini ta’kidladi.

 

Islom Karimovni birinchi navbatda shaxs, siyosiy yetakchi sifatida idrok etib, uning faoliyatini jamiyat hayotining sohalari bilan, aniqrog‘i ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va siyosiy sohalarni mustahkamlash va rivojlantirishi bilan bog‘langan tarzda tavsiflash maqsadga muvofiqdir. Xususan, ijtimoiy soha keng qamrovliligi bilan ajralib turishi va uning tarkibida ta’lim-tarbiya, barkamol avlod tarbiyasi alohida o‘rin tutganligi bilan bog‘liq jihatlar qayd qilindi.

Professor Vahob Qo‘chqorov o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Samarqand va Qarshi shaharlarida Islom Karimov haykallari qad rostladi, u kishi uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan Oqsaroy qarorgohi yodgorlik majmuasiga aylantirildi, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent xalqaro aeroporti, yirik muassasa va tashkilotlar, poytaxtimiz va viloyat markazlaridagi markaziy ko‘chalarga buyuk Yo‘lboshchimiz nomi berilganligini ta’kidlab o‘tdi.

Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining ulug‘ va ardoqli farzandi edi. U mamlakatimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tiklagani hamda og‘ir qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda yurtimizni jadal rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirgani bilan aloqador fikrlar bildirdi. 

Ma’ruzada Birinchi Prezidentimiz o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lganligi haqida misollar keltirildi.

So‘zga chiqqanlar Birinchi Prezident tomonidan mustaqillikning osonlikcha qo‘lga kiritilmaganligi hamda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash yo‘lidagi xizmatlari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdilar. Tadbir qatnashchilari universitet bosh binosi oldida qad rostlagan buyuk davlat va siyosat arbobi barelefi poyiga gul qo‘ydilar. Uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirildi.