![]() |
Islom Abdug‘aniyevich Karimov fenomeni – butun O‘zbekiston, O‘rta Osiyo uchun va umuman jahon miqyosida ham kamdan-kam uchraydigan shaxs. Men shunday buyuk shaxs bilan birga ishlaganimdan faxrlanaman. Ancha yosh tanishganman, chunki deputat bo‘lganimda 34 yoshda edim. Ilk bor 1990 yilning boshida ko‘rishganmiz. O‘zbekistonning mustaqil bo‘lishi, davlatchilik tizimi va institutlari yaratilishi, mamlakatning demokratik yo‘ldan ketishiga avvalo Birinchi Prezidentimiz sababchi. Gapning ochig‘i, SSSRning qulashida, mustamlaka Respublikalar, jumladan, bizning ham suveren bo‘lishimizda Islom Abdug‘aniyevichning hissasi beqiyos. Mustaqillik osmondan tushgani yo‘q, o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgani yo‘q. Bunda Birinchi Prezidentning juda ham mardonavor sa’y-harakatlari, katta irodasi, mardligi muhim rol o‘ynadi. Chunki sobiq sovet Respublikalari orasida birinchi bo‘lib, 1990 yil Oliy Kengashning birinchi sessiyasida O‘zbekistonda Prezidentlik lavozimi joriy qilindi. Ungacha Ittifoqda Gorbachyovdan boshqa birorta Prezident yo‘q edi. Mana shu holat SSSRni qulatib, O‘zbekiston mustaqillikka erishishiga katta qadam bo‘lgan. Moskva ham kutmagan, hayron qolgan. Birinchi sessiyaning birinchi kuni Prezidentlik instituti joriy etish bo‘yicha qonun qabul qilinib, I.Karimovni saylaganmiz. |
O‘zlarining aytib berishlari bo‘yicha, u kishi shundan so‘ng Moskvaga, siyosiy byuro yig‘ilishiga borgan. Majlis boshlanish arafasida M.Gorbachyov zalga kirgan Islom Karimovga “Nu, proxodi, sadis, nam nado reshat yeshyo s tvoim prezidentstvom”, degan ekan, Prezident menman, sen ham endi Prezident bo‘ldingmi, degandek qilib.
O‘shanda hamma narsa bo‘lishi mumkin edi, chunki bu yerda – TurkVO, Qurolli kuchlar bor, shulardan qo‘rqmay mustaqillik sari ilk qadam bosildi, bu so‘zda emas, amalda isbotlandi.
Shundan keyin Islom Karimov SSSR Oliy Soveti sessiyasida tarixiy chiqish qilib, O‘zbekiston himoyasi yo‘lida ma’ruza qildi. Men deputat bo‘lmasam ham mehmon sifatida qatnashib, uni eshitganman. Kuchli chiqish bo‘ldi, Sobchak va boshqalarning chiqishi oldida u kishining nutqi haqiqiy dasturiy ma’ruza bo‘lgan. O‘zbekistonni kamsitishlar, ijtimoiy ahvol haqida kuyunib gapirib, bepisandlikka ochiqdan-ochiq qarshi chiqib, irodasini, g‘ururi va yetakchilik qobiliyatini qat’iylik bilan namoyish etgan edi. Bu jasoratdan hayratlanmaslikning iloji yo‘q.
Mustaqillik e’lon qilingani ham kechagidek esimda. GKCHP o‘tgandan keyin Islom Abdug‘aniyevich maxfiy tarzda kaminaga “3 kun ichida O‘zbekiston Mustaqilligi to‘g‘risida qonun loyihasini tayyorlagin”, dedilar. Qanday qilib bunday qonun tayyorlash kerak, tajribada bo‘lmagan.
U kishi fikr berdilar, siyosiy irodani bayon qildilar, biz yurist sifatida uni amalga oshirishimiz kerak edi. O‘ylab-o‘ylab, 3 ta hujjat tayyorlandi. Avvalo, “O‘zbekiston mustaqilligi asoslari to‘g‘risida” degan nom bilan qonun loyihasi tayyorladik. Masalaning bir jihati bor ediki, mustaqillik e’lon qilinmasdan, bu qonunni o‘z-o‘zidan qabul qilish mumkin emas edi. Shuning uchun O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilish to‘g‘risida Oliy Kengash qarori loyihasini ham tayyorladik. Va uchinchi hujjat – qonunni qabul qilish to‘g‘risidagi qaror loyihasi ham tayyor bo‘ldi. Islom akaga olib bordim (u paytlar parlamentning Qonunchilik qo‘mitasi raisi edim).
Hujjatlarni majlisga kirib ketayotgani bois vestibyulda berganman. Olib kirib ketdilar-da, ko‘rib chiqib, meni chaqirdilar. Bo‘ldi, sessiyani tayyorlaymiz, majlis qilamiz, dedilar. 30 avgustda prezidium o‘tgan, bahs bo‘lgan. 31-chida e’lon qilib, bayramni qachon qilamiz, desak, 1 sentyabr deganlar. O‘sha kuni o‘qishning birinchi kuni bo‘ladi-ku, degan e’tirozlar ham bo‘lgan. Islom Karimov mustaqillik kunini belgilashda ham qat’iyat ko‘rsatdilar: “Mustaqillikni 31 avgustda e’lon qilamiz, Mustaqillik bayramini esa 1 sentyabr kuni etib belgilaymiz,” degan edilar.
Shunday qilib, 1991 yil 31 avgustda Oliy Kengashning Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qilish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Xuddi shu qaror bilan 1 sentyabr – Mustaqillik kuni, shuningdek, dam olish kuni deb e’lon qilindi. Tarix yaratildi.
![]() |
![]() |
Islom aka o‘z ishining ustasi bo‘lgan odamni juda qattiq hurmatlar, dalillar bilan fikr bildirsangiz, qabul qilardi. Odamni bir ko‘rishdayoq, bir-ikkita savollar berib, bilib olar, tanish-bilishchilik yo‘q edi. Xodimni professionalligi, farosati, dunyoqarashi, bilimi, fikrlash qobiliyatiga qarab baholardi. Gohida “Shu odam, shu lavozimgacha loyiq ko‘rilyapti, hatto menga olib kirishyapdi. U qanday qilib shu bilim, shu saviya bilan, hozirgi darajaga yetib kelgan”, deb, jahli chiqib ketardi. Nomzodni olib kirgan kadrlar bo‘yicha maslahatchilar ham eshitadiganini eshitardi. “Aravani quruq olib qochadigan”larni yoqtirmasdi.
Xorijiy mamlakatlar rahbarlari ham Birinchi Prezidentimizning davlat boshqaruvidagi mahorati, oqilona siyosati, aqlu idrokini yuksak baholardi. Muammolarni “xamirdan qil sug‘urgandek” hal qilish qobiliyatiga ega edi yurtboshimiz. Dunyo tanigan liderlar ham “Islom akadan o‘rganyapmiz”, deya faxrlanib gapirishar, uning ra’yiga qarab turishardi.
Qozog‘iston Prezidenti N.Nazarboyev Birinchi Prezidentimizga cheksiz hurmat bilan qaragan. MDH davlatlarining Qirg‘iziston Respublikasidagi uchrashuvida, rahbarlar qarorgohida Islom Karimovning oldiga kelib: “Mana, Islom, Siz mendan kattasiz, shuning uchun men birinchi bo‘lib oldingizga keldim (Islom Karimov undan ikki yosh katta edi). Umuman olganda, Siz baribir eng zo‘rsiz”, degandi. Men o‘sha paytda Islom akaning yonida bo‘lganim uchun shaxsan shu so‘zlarga guvoh bo‘lganman.
“O‘zbekiston Qahramoni” faxriy unvoni ta’sis etilganda, deputatlar bir ovozdan birinchi raqamli mukofotni O‘zbekistonni mustaqillikka olib chiqqan Islom Karimovga berish kerak, degan tashabbus bilan chiqishdi. Ammo Islom Abdug‘aniyevichning o‘zi bunga juda qarshi bo‘lgan. Masala deputatlar o‘rtasida ovozga qo‘yilganda, hamma bir ovozdan bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Prezidentga mukofotni esa – Konstitutsiyaga ko‘ra, Oliy Kengash raisi topshirishi belgilangan.
Mukofotni tantanali ravishda men topshirganman. Majlisdan keyin Islom akaga: “Islom aka, men endi ishdan ketsam ham bo‘ladi, chunki butun umrga tarixda qoldim”, dedim. U kishi sababini so‘raganda, kamina “Endi nevara, evaralarimgacha aytib, faxrlanib yuraman, mustaqil O‘zbekistonning birinchi Qahramon yulduzini Prezidentga men taqib qo‘ydim, tarixda qoldim endi. Sizning Qahramon sifatida ishlaringiz ko‘p, mening asosiy ishim bitdi”, deganman. Islom aka kulgandilar.
Shu bilan haligacha faxrlanaman. Bu voqea, bu epizod xotiramda butun umrga qoladi. Eng muhimi, Birinchi Prezidentning qanchalik buyuk shaxs bo‘lgani vaqt o‘tgan sari yaqqol namoyon bo‘laveradi. Biz esa – shunday inson bilan bir piyolada choy ichganmiz, bir lagandan osh yeganmiz, deb, g‘ururlanamiz.
Erkin XALILOV,
1993-2008 yillardagi O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlis raisi
F.Qurbonboyev olgan fotolar