2021 yil 25 yanvar soat 11:30 da O’zbekiston Amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi Davlat muzeyida “Islom Karimov siymosi –amaliy san’at asarlarida” nomli ko’rgazmaning tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tadi.
Bugungi kunda O’zbekiston amaliy san’ati o’zining xilma-xil turlari va milliy xususiyatlari bilan ajralib turadi. Mustaqillik tufayli O’zbekistonda barcha sohalar qatori, milliy hunarmandchilikning unutila boshlangan qadimiy an’analari va maktablari qayta tiklandi. Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida usta-hunarmandlarning mehnatini munosib rag’batlantirish, ularni har tomonlama qo’llab quvvatlashga qaratilgan alohida e’tiborlari xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’ati an’analarining bardavomligiga xizmat qildi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I. Karimov tomonidan “Xalq badiiy hunarmandchiliklari va amaliy san’atni yanada rivojlantirishni davlat yo’li bilan qo’llab-quvvatlash chora-tadbirlari to’g’risida”gi 1997-yil 31-mart, (PF-1741-son) farmoni milliy madaniyatni rivojlantirishda xalq badiiy hunarmandchiliklari va amaliy san’atining ahamiyatini oshirish, qo‘lda ishlanadigan yuksak badiiy buyumlarni tayyorlash asriy an’analarini va o‘ziga xos turlarini qayta tiklash hamda xalq hunarmandlarini davlat tomonidan madad ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Islom Karimov siymosi – amaliy san’at asarlarida” nomli ko’rgazma ekspozitsiyasida O’zbekiston va xorij hunarmandlari tomonidan yaratilgan, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov siymosi tushirilgan 18 ta amaliy san’at namunalari namoyish etilgan.
Ko‘rgazmaga qo‘yilgan har bir san’at asari Birinchi Prezidentimizning biz uchun noma’lum bo‘lgan hayotiy lavhalarni o‘z ichiga qamrab olgan. Amaliy san’atda – Birinchi Prezidentimiz obrazi aks etgan asarlardan iborat ko’rgazma tomoshabinlar qalbida kuchli taassurot qoldirishi tabiiydir.
Manushak Arushanova, San’atshunos