ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

IQTISODIY MUSTAQILLIKNING MUHIM OMILI


17.07.2024

Joriy oy boshida, aniqrog‘i, 1 iyul kuni milliy valyutamiz – so‘mning amalga kiritilganiga roppa-rosa 30 yil to‘ldi. Oqsoch moziy uchun o‘ta qisqa bo‘lgan bu davr aslida butun boshli tarixiy solnomalarga asos bo‘la olishi mumkin. Tabiiyki, milliy valyuta tizimimiz qator bosqichlarni bosib o‘tgan. Keling, bugun ana shu voqeliklarni qisqacha yodga olamiz.
O‘zbekiston Respublikasi 1991 yil 31 avgustda mustaqillikka erishgani e’lon qilingach, mamlakatda sovet rubli – pul birligi sifatida muomalada qolavergan edi. “Holva degan bilan og‘iz chuchimagani”dek, milliy valyutani joriy etishning ham o‘ziga yarasha shart-sharoitlari, iqtisodiy va siyosiy asoslari bo‘lmog‘i darkor.
Chunki bir tomondan, hududi sayyoraning oltidan bir qismini egallagan sobiq Ittifoq qulagach, shu paytgacha uning subyekti hisoblangan O‘zbekiston ham – chegaralari qatori, ichki bozorini himoyalashi lozim. Boshqa tomondan, temir intizom va tartib joriy etilmasa, sobiq 15 ta Respublikadagi hamma qog‘oz pullar oqib kelib, mahsulotlar tashqariga chiqib ketish xavfi bor edi.

Xuddi shunday o‘ta murakkab va chigal bir sharoitda Respublikamizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning avvalo qat’iyati va uzoqni ko‘ra bilish qobiliyati, qolaversa, moliya sohasidagi tajribasi qo‘l keldi. Eng avvalo, mamlakatda e’lon qilingan jinoyatchilikka qarshi ayovsiz kurash natijasida – davlat ichkarisidagi pul va manfaat desa, hamma narsani qo‘shqo‘llab tortiq qilishga tayyor toifalarning tanobi tortildi. Iste’mol bozorini himoyalash va mahsulotlarni faqat O‘zbekiston fuqarolariga sotish uchun esa bir martalik kuponlar bosib chiqarildi.

Gazeta qog‘ozida chop etilgan va tashkilotining muhri urilgan kuponlarning naqd pulda to‘lanishi kerak bo‘lgan hisobga yarasha qismi – oziq-ovqat do‘konlari, umumiy ovqatlanish korxonalarida qaychida qirqib olingan. Bunday kuponlar 10+25=35, 50, 100, 150, 200, 350, 500, 1000, 2000, 3000, 5000 rublga yarasha kartochkalar bilan chop etilgan.

Bu orada asosiy maqsad bo‘lgan – o‘z pulimizni joriy etish bo‘yicha izlanishlar ham to‘xtab qolgani yo‘q. 1991-1993 yillar davomida milliy valyutani muomalaga kiritish uchun ko‘p izlanishlar olib borildi, xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganildi.
Iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Boboqulov o‘sha davr murakkabliklarini shunday xotirlaydi: “Dastavval biz rubl zonasida qolib, O‘zbekiston to‘lov balansini normallashtirishni mo‘ljal qilganmiz. Chunki budjet taqchilligi 44 foizga yetib qolgan edi. Ammo yuzaga kelgan shart-sharoitning o‘zi milliy valyutani tezroq amalga kiritishni kun tartibiga qo‘ya boshladi. Birinchidan, atrofdagi yaqin va olis Respublikalar birin-ketin o‘z valyutalarini joriy qilgani oqibatida, ulardagi – qog‘ozga aylanib qolgan rubl shiddat bilan bizga oqib kela boshladi. Ikkinchidan, rublni bosib chiqaradigan Rossiya Federatsiyasi ham g‘ayritabiiy shartlar qo‘ya boshladi. Ya’ni emishki, kim rubl zonasida qolsa, davlat budjetini Rossiya parlamentida tasdiqlashi kerak emish. Qaysi o‘zini hurmat qilgan mustaqil davlat bunga ko‘nadi? Islom Karimov bu vaziyatda ham g‘oyat oqilona yo‘l tutdi va oraliq valyuta – so‘m-kuponni muomalaga kiritdi”.
Shunday qilib, Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 12 noyabrdagi qaroriga ko‘ra, ichki bozorni ortiqcha rubl massasidan himoyalash, aholiga pul mablag‘larini to‘lashni o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida, 1993 yil 15 noyabrdan boshlab “so‘m-kupon” muomalaga kiritildi. U pul islohotini amalga oshirish borasida ma’lum tajribaga ega bo‘lish uchun o‘tish valyutasi sifatida xizmat qildi.

1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000, 10000 so‘mlik pullarning barchasining old qismida O‘zbekiston gerbi va pul nominali, orqa qismida esa Samarqanddagi Registon maydonida joylashgan Sherdor madrasasining surati tushirilgan edi. 1, 3, 5, 10, 25 so‘mlik pullar 120 x 61 mm o‘lchamda, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000, 10000 so‘mlik pullar esa 144 x 69 mm o‘lchamda yasalgan. So‘m-kupon – Angliyadagi “Harrison & Sons Ltd” bosmaxonasida chop etilgan. Mazkur oraliq valyuta 9 yarim oy muomalada bo‘lgan.
Tajriba ham to‘plandi. Bu orada atrofimizdagi qo‘shni davlatlar – Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkmaniston o‘z valyutalarini muomalaga kiritib ham bo‘ldi. Shundan so‘ng 1994 yil 16 iyunda “O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni, 1994 yil 20 iyunda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasini joriy etishga oid tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Va nihoyat, 1994 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi – “so‘m” muomalaga kiritildi.
Dastlabki muomalaga chiqarilgan banknot va tangalar xorijiy davlatlarda tayyorlangan. 1995-1996 yillarda banknot va tangalarni tayyorlashning to‘liq siklini joriy etish maqsadida Markaziy bank qoshida “Davlat belgisi” korxonasi va uning tarkibida qog‘oz fabrikasi, bosma fabrika va zarbxona tashkil etildi hamda pulni o‘zimizda chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Darvoqe, dunyodagi “manaman” degan barcha davlatlarda ham o‘z pul fabrikasi yo‘qki, bu kabi murakkab va qimmat texnologiyaning O‘zbekistonda mavjud bo‘lishi ham – Islom Karimovning xizmati hisoblanadi.

Milliy valyutamiz – so‘m mamlakatda mustaqil pul-kredit siyosatini yuritish, iqtisodiyotda hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatini yaratdi. Ish haqi va ijtimoiy to‘lovlar so‘mda to‘lana boshladi. Shu tariqa davlatning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlovchi mustaqil pul-kredit siyosati shakllantirildi.
Mazkur siyosat bugungi kunda ham izchillik bilan davom ettirib kelinmoqda. Chunonchi, 2017 yil 2 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Bu hujjat avvalo, amaldagi valyutani tartibga solish tizimini tubdan isloh qilib, valyuta siyosatini liberallashtirish, barcha tadbirkorlik subyektlariga tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda teng sharoitlar yaratishga qaratilgan edi.
Boshqacha aytganda, mustaqillikning dastlabki chorak asrida milliy pul-kredit siyosatining asoslari yaratilib, yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, yangi O‘zbekiston sharoitida milliy valyutamiz to‘liq konvertirlanib, xalqaro bank amaliyotlarining ham teng huquqli ishtirokchisiga aylandi.