“Hech shubhasiz, inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg‘usi bilan tirik va barhayotdir. O‘tganlarni esga olish, ularning xotirasi oldida hurmat bajo keltirish xalqimizga xos azaliy qadriyat. Jang maydonlarida Vatan uchun, bugungi va ertangi avlodlarning yorug‘ kunlarga yetishi uchun jon bergan, o‘zini fido etgan insonlar xotirasini yodga olsak, bugun hayot bo‘lgan faxriylarimizga qancha hurmat-ehtirom va e’tibor ko‘rsatsak, hech qachon kam bo‘lmaymiz”.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovga tegishli bu fikrlar bugun ham ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Darhaqiqat, inson xotira bilan tirik. Tarixiy xotira esa, bu nafaqat Ikkinchi jahon urushida qurbon bo‘lgan ota-bobolarimizni eslash, balki bugungi tinch va osoyishta hayot, musaffo osmon uchun jon fido qilgan barcha insonlarni yod etish, bizning kim ekanimiz, qanday buyuk zotlarning avlodi, qanday bebaho merosning vorislari ekanimizni hech qachon unutmaslikka, ana shunday o‘lmas qadriyatlar, ezgu g‘oyalar uchun kurashib yashashga chorlaydigan da’vatkor kuchdir.
Islom Karimovning o‘zi ana shunday e’tiqod bilan yashash barobarida, millat yetakchisi, istiqlol asoschisi o‘laroq barchani shu yo‘lga boshladi. Aynan uning tashabbusi bilan 1999 yildan boshlab, yurtimizda 9 may sanasi “Inson – aziz, xotira – muqaddas” degan ezgu g‘oya ostida, Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlanadigan bo‘ldi.
Birinchi Prezident tom ma’noda tinchlikparvar odam edi. Buni tasdiqlovchi birgina fakt borki, Islom Karimov ayni bir paytda mamlakat Qurolli kuchlarining Oliy Bosh qo‘mondoni bo‘lganiga qaramasdan hech qachon harbiy libos kiymagan. Milliy armiyaning qudrati va salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan barcha ishlar zamirida, boshqa davlatlarga nisbatan tajovuz yoki tahdid emas, balki, O‘zbekistonning tinchligi va barqarorligini, sarhadlar daxlsizligini himoya qilish maqsadi mujassam ekanligini hamisha ta’kidlab kelgan. Uning uchun farzandlar kamoli, onalar xotirjamligi, Vatan ravnaqi, xalq manfaati har narsadan ustun bo‘lgan. Shu ne’matlarga tahdid soluvchi har qanday siyosatga hech ikkilanmasdan qarshi turgan. O‘zbekiston birorta harbiy blokka a’zo bo‘lmagani – buning yorqin tasdig‘i.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Islom Karimovning boshqaruv yillarida “Noma’lum askar”, “bedarak yo‘qolgan” degan mavhum iboralarga barham berilib, qurbon bo‘lganlar, urushdan qaytmaganlar nomi tiklandi. Xotira maydonlarida barpo etilgan yodgorlik majmualarida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz ism-shariflari maxsus lavhalarga zarhal harflar bilan yozib qo‘yildi, ular haqidagi ma’lumotlar jamlangan 35 jilddan iborat “Xotira” kitobi chop etildi.
Haqiqatan ham, tarix – bu xotira degani, o‘tgan ajdodlarning shonli ishlari, qahramonliklarini eslash, o‘tmish voqealaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib yashash deganidir.
Shunday qadriyat va qarashlar bugungi – Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi nishonlanayotgan kunlarda ham yangicha shaklu shamoyilda rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Hozirgi g‘oyat murakkab va tahlikali zamonda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, turli zararli ta’sirlardan himoya qilish, tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo do‘stlik va ahillikni asrashdek o‘ta muhim vazifalarni bajarishda qahramon faxriylarning jasorati, shonli an’analari hamisha ibrat maktabi bo‘ladi. Biz ulardan ruh va kuch olib, Vatan himoyachilari, tinchlik posbonlari, yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lishdek yuksak burchimizni, albatta, sharaf bilan ado etamiz”.
“Xotira va qadrlash kuni” arafasida Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasidagi “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasida – Birinchi Prezident rahbarlik qilgan yillarda, qolaversa, shu kunlarda ham – Ikkinchi jahon urushi yillarida matonat ko‘rsatgan yurtdoshlarimizga ko‘rsatib kelinayotgan e’zoz va qadr lahzalari muhrlangan fotoko‘rgazma tashkil etildi. Uni tomosha qilishga kelgan mehmonlar orasida esa – ongli umrini yurt himoyasi va tinchligi yo‘liga bag‘ishlagan harbiylarimiz ko‘plab topiladi.
Yillar, zamonlar o‘tar. Ammo bobolar sha’n-shavkati, bosib o‘tgan yo‘li va hayotiy tajribasi biz uchun ibrat va saboq bo‘lib qolaveradi.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
F.Qurbonboyev va T. Qurbonboev fotosuratlari