Barkamol, sog‘lom avlodgina buyuk kelajagimiz garovi bo‘la oladi. Bu – isbot talab qilmaydigan aksiomadek gap. Ro‘yi zaminda neki jonzot bo‘lsa, hammasi bolam, deb yashaydi, og‘zida don tashib bo‘lsa-da, polaponini boqadi, himoyalab voyaga yetkazadi. Sayyoradagi mavjudotlar orasida eng ulug‘, eng mukarram etib yaratilgani – inson-ku, inchunun. Farzandni o‘z ortidan yonib qolgan chiroq, kelajak deb biladi u. Shu kelajagining baxti, iqboli yo‘lida butun borlig‘ini, kerak bo‘lsa, umrini bag‘ishlaydi. Bu borada ham o‘zbek millatiga yetadigani kam. O‘zbekistonimiz mustaqillikka erishgan ondan boshlab, Birinchi Prezident rahbarligida – millat taqdiri, mamlakat kelajagi uchun qayg‘urib, buning uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri, deb belgilandi. Buning amaldagi isbotini, uzoqqa bormasdan, hatto yillar nomlanishi va ijrosida ham ko‘rish mumkin. Qarang – “Oila yili (1998),” “Ayollar yili” (1999), “Sog‘lom avlod yili” (2000), “Homiylar va shifokorlar yili” (2006), “Yoshlar yili” (2008), “Barkamol avlod yili” (2010), “Mustahkam oila yili” (2012), “Sog‘lom bola yili” (2014), “Sog‘lom ona va bola yili” (2016). Butun boshli yillarni kelajak vorislari manfaati yo‘lida nomlash zamirida faqat bir maqsad – kelajak to‘g‘risida chinakam qayg‘urish yotgan. Nomlangan yillar munosabati bilan qabul qilingan Davlat dasturlari esa – ona va bola salomatligi, zurriyodlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va kamolga yetkazish kabi ezgu maqsadlarga xizmat qildi. |
![]() |
Muxtasar aytganda, Islom Karimov uchun ona, bola va oilaning jamiyatdagi maqomi, millat genfondini saqlab qolish – istalgan boshqa masaladan ustun bo‘lgan. Unga davlat darajasida e’tibor qilib, yillar davomida katta kuch, imkoniyat va mablag‘ yo‘naltirilgan. Hatto buyuk ajdodimizning mashhur shiorini ham o‘ta mohirlik bilan o‘zgartirib, muomalaga kiritganki, buning negizida ham o‘shandoq ulug‘vor maslakdan o‘zga narsa bo‘lmagan: “Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur, qudratli elning farzandlari sog‘lom bo‘lur”. Amir Temurning mashhur iborasini shundoq talqin etish esa faqat Islom Karimovning ilkidan kelardi. Eng muhimi, niyat xolis, boz ustiga ezgu edi. Shuning uchun ham ayni kungacha eskirmadi u g‘oya.
Bugun ham Yangi O‘zbekistonning kelajagi bo‘lmish yosh avlod vakillari har tomonlama davlat himoyasida. Xususan, 2021 yil 9 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Bola huquqlarining kafolotlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Shu asosda bola huquqlarini himoya qiluvchi Bolalar ombudsmani instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bolalarni qo‘llab-quvvatlash fondi ish boshladi.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Farzandlari e’zozda bo‘lgan yurtning istiqboli nurafshon bo‘lmog‘i aniq. Boisi, u “nihollar” ulg‘ayib, ertaga mahobatli va ulkan “chinor”larga aylanadi. Va u chinorlar Vatanimizning muhtasham binosini yanada qudratli va mustahkam qilib turuvchi sadoqat, ishonch va iftixor ustunlariga aylanadi. Bunga hech bir shubha yo‘q.
“Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasidagi “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasida Birinchi Prezident faoliyati davrida yosh avlodga qaratilgan e’tibor lahzalari aks etgan maxsus fotoekspozitsiya tashkil qilindi.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
F.Qurbonboyev va T.Qurbonboyev fotosuratlari