ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Farg‘onada o‘tkazilgan kitoblar taqdimotida Islom Karimovning hayoti va serqirra faoliyati keng targ‘ib qilindi


26.01.2018

Prezidentimizning 2017- yil 27- noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Farg‘ona viloyatidagi ta’lim muassasalari, mahallalar, mehnat jamoalarida Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilmoqda. 

Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan kitoblar taqdimoti ham buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimovning hayoti va serqirra faoliyatini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi. 

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, adiblar, olimlar va yoshlar ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston xalq shoiri E.Siddiqova, “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori F.Zokirov va boshqalar Islom Karimov milliy mustaqilligimiz asoschisi sifatida mamlakatimizning taraqqiyot yo‘lini belgilab berganini ta’kidladi. Vatanimiz, xalqimizga butun borlig‘ini baxshida etib yashagan Yo‘lboshchimiz o‘z hayoti, faoliyati bilan kelajak avlodlarga buyuk bir ibrat maktabi yaratib ketdi. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Farg‘ona shahridagi Teatr konsert saroyi buyuk davlat arbobi nomi bilan atalishidan farg‘onaliklar faxrlanadi. 

Birinchi Prezidentimiz nafaqat mustaqilligimiz asoschisi, O‘zbekistonni yuksak taraqqiyot yo‘liga olib chiqqan buyuk davlat arbobi, balki chuqur falsafiy mazmunga ega ko‘plab kitoblar muallifi sifatida ham tariximizda o‘chmas iz qoldirdi. "O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov faoliyati xronikasi (solnoma)” kitobi, “Ma’naviyat” nashriyotida Islom Karimovning “Yoshlar bugungi va ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchidir”, “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarlari, shuningdek, “Prezidentga maktublar” kitobi nashr etildi. Ayni kunlarda kitoblar ta’lim muassasalari, axborot-resurs markazlariga tarqatilmoqda. 

Tadbirda mazkur kitoblarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida olimlar va mutaxassislar atroflicha so‘z yuritdi. 

– Birinchi Prezidentimiz mamlakatimiz taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqdi, ko‘p millatli xalqimizni porloq istiqbol yo‘lida birlashtirib, barchamizni ezgu maqsadlar sari ruhlantirdi, – dedi fiologiya fanlari doktori Siddiqjon Mo‘minov. – Ayniqsa, Farg‘ona viloyatida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlarida buyuk Yo‘lboshchimizning xizmatlari benihoya katta. Bu ulug‘ insonning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”, “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida”, “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” kabi asarlari istiqlolga erishish yo‘lida chekilgan zahmatlar, mashaqqatlar haqida keng tasavvurga ega bo‘lish imkonini beradigan, barchamizni shu aziz Vatan ravnaqi uchun kamarbasta bo‘lishga undaydigan bebaho merosdir. 

Birinchi Prezidentimiz hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 

Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev so‘zga chiqdi. 

 

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA