ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

FARG‘ONADA O‘TGAN XALQARO ANJUMAN


19.05.2025

Joriy yilning 15-17 may kunlari Farg‘ona shahrida “Central Asia – 2025: fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XVIII xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Buyuk Britaniya, Germaniya, Malayziya, Rossiya kabi 12 mamlakatning 30 dan ziyod vakillari qatnashgan anjuman ishida – Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi vakillari sifatida – Islom Karimov nomidagi kutubxonadan mutaxassislar ishtirok etishdi.
Konferensiyada elektron axborot resurslarining o‘rni, ulardan foydalanish orqali aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni takomillashtirish, innovatsion uslub va texnologiyalar, ilmiy izlanishlar bo‘yicha fikrlar almashish, kutubxona muassasalari bilan o‘zaro samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar muhokama qilindi.

Anjumanning ochilish marosimida so‘z olarkan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jayev – mamlakatimizda so‘nggi uch yilda nashriyotlar soni 120 tadan 600 taga yetgani, bir yilda 11 ming nomdagi kitoblar chop etilayotgani, mamlakatda 18 ta axborot-kutubxona markazi yangidan qurilganini aytib, bu ishlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalardan ekanini qayd etdi.
Ilmiy seksiyalar, mahorat darslari, amaliy seminarlar, o‘rtoqlik uchrashuvlariga boy o‘tgan xalqaro konferensiya sakkizta shu’baga bo‘linib, o‘z ishini davom ettirdi. Uning ikkinchi kunida Islom Karimov nomidagi kutubxona mudiri Dilorom Shukurova “Kutubxonashunoslik va bibliografiyaning rivojlanishi: xalqaro hamkorlik, ilmiy tadqiqotlar va madaniy meros” mavzusidagi sho‘ba ishida moderatorlik vazifasini bajardi.
Konferensiya doirasida Farg‘ona shahar oromgohida “Xalqaro kitobxonlik festivali” ham o‘tkazilib, unda xorijlik hamda respublikamizning kutubxona, arxiv va noshirlik sohalari mutaxassislari, shuningdek, oddiy kitobxonlar qatnashishdi.
Anjuman yakunida mamlakatimizning bir guruh kutubxona mutaxassislari “Axborot-kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.