ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

EZGULIKNING UMRI BOQIY


03.02.2026

O‘tgan hafta oxirida poytaxtda boshlanib, Samarqand va Qarshida davom etgan rasmiy xotira marosimlari yakunlangach ham, Oqsaroy qarorgohi kiraverishida qad rostlagan Birinchi Prezident haykali yoniga, uning nomi bilan ataluvchi majmuaning “Butun olamni jo qilgan yurak” ko’rgazmasiga hamda Islom Karimov nomidagi kutubxonaga kelgan yurtdoshlarimizning sanog’i yo’q. Ular – o’zlari e’zozlagan, yaxshi ko’rgan, bugungi muazzam va xotirjam kunlar sababchisi bo’lgan ulug’ inson xotirasini yod olish uchun, o’z ixtiyorlari bilan qadam ranjida qilgan insonlar.

Tog’larning buyukligi undan uzoqlashganing sayin yaqqolroq seziladi. Buyuk siymolar qadr-qimmati, ularning ulug’vorligi ham shunday – yillar osha his etib borilaveradi. Bugun Islom Karimovsiz o’ninchi yilga qadam qo’ydik. Yillar osha esa uning – O‘zbekistondagi barqarorlik va bag’rikenglik siyosati nechog’li ulug’vor ekanini yanada teranroq anglab borayotirmiz.

Buyuk davlat va siyosat arbobi boshlagan ezgu ishlar izchil davom etmoqda. U barpo etgan davlat ravnaq topmoqda. Xalq u asoslab bergan yo’ldan og’ishmay qadam tashlayotir. Uning ruhi hamisha xalqimiz bilan birga. Chunki mustaqillik va Islom Karimov – bir-biriga chambarchas bog’liq, birini ikkinchisidan aslo ajratib bo’lmaydigan bir butun tushuncha. Yana o’n yillar, yuz yillar o’tar, bu fikr mustahkamlangandan mustahkamlanib boraveradi.

Bir qiziq jihat – majmuaga kelgan ziyoratchilarning salmoqli qismini navqiron yoshlar, bir qarashda Islom Karimov kimligini bilmasligi tabiiydek ko’ringan zuryodlarimiz tashkil etadi. Demak, bilisharkan-da, ota-onasi, yaqinlaridan eshitishgan ekan-da. Eng muhimi, bir umr “Yoshlar – kelajagimiz, O‘zbekistonning hamma yoshlari – mening bolalarim” deya kuyib-yonib, umrini shu buyuk g’oyaga bag’ishlagan insonning xotirasi ham tildan-tilga, ko’ngildan-ko’ngilga o’tib, abad yashab qolaverarkan.

Farg’onaning Rishton tumanidan kelgan hunarmand kulol Shohruxxon Yoqubovning o’zi mehr bilan ishlagan – Islom Karimov tasviri tushirilgan laganni ko’rgazmaga tuhfa qilgani ham fikrimizga yaqqol misol bo’la oladi.

Ezgulikning umri boqiy. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta’kidlab aytganidek, “Oradan yillar, asrlar o’tadi. Lekin buyuk Yo’lboshchimiz Islom Karimovning mustaqil O‘zbekiston davlatini barpo etish va uni har tomonlama ravnaq toptirish yo’lidagi beqiyos jasorati va tarixiy xizmatlarini xalqimiz hech qachon unutmaydi. Yurtboshimizning bebaho g’oyalari, siyosiy merosi biz uchun hamisha dasturilamal bo’lib xizmat qiladi”.

T.Qurbonboev fotosuratlari