ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Yer kurrasida tinchlik


01.06.2018

Toshkentda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan rasmlar ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

1998 yildan boshlab, Respublikamizdagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari va maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida, 1 iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab, “Yer kurrasida tinchlik” an’anaviy rasmlar ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” Xalqaro nodavlat hayriya jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan tanlov ikki bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqich joriy yilning aprel -may oylarida o‘tkazildi. Unda yurtimizning deyarli barcha hududlaridan, 1000 nafardan ziyod bola qatnashdi.

 

Viloyat bosqichlarida saralangan 100 dan ortiq ijod namunalaridan 18 tasi respublika bosqichiga taqdim etildi. Tanlov ishtirokchilari rasmlar orqali yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, oila farovonligi haqidagi tushunchalari va tasavvurlarini atrofdagilarga yetkazishga harakat qilganlar. Ular O‘zbekistonga, butun dunyoga tinchlik, osoyishtalik tilashmoqda go‘yo.

31 may kuni Toshkentdagi suratchilar uyida ko‘rik-tanlov g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Yosh iste’dodlarga maxsus diplomlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi, “Sog‘lom avlod uchun” Xalqaro nodavlat xayriya jamg‘armasi Prezidenti, Islom Karimov nomidagi ilmiy ma’rifiy yodgorlik majmuasi Vasiylik kengashi a’zosi Tatyana Karimova ishtirok etdi va tanlov g‘oliblarini samimiy qutladi.

 

F.Kurbanbayev (surat)