ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

DO‘STLIK KALOMI BILAN


12.03.2025

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi Kanadadagi o‘zbeklar jamiyati bilan ham faol hamkorlik qilib kelmoqda. Torontoda o‘tgan xotira kechalari, axborot va delegatsiyalar almashinuvi hamda boshqa loyihalar – uzoq muddatli samimiy aloqalar samarasi. Mamnuniyat bilan aytish mumkinki, bugun O‘zbekiston, uning tarixi, xalqi va urf-odatlari bilan yaqindan tanishish istagida bo‘lgan kanadaliklar soni ortib bormoqda.
Kuni kecha Monreal shahrida tahsil olayotgan bir guruh maktab o‘quvchilari majmuada g‘oyat iliq kutib olindi. Tanishuv mustaqillik solnomasining birlamchi, asl manbalarini ko‘zdan kechirishdan boshlanib, ekskursiya ham shunga monand tarzda o‘tkazildi.

Undan oldin esa o‘spirin yigit-qizlar O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti xotirasiga hurmat bajo keltirib, uning haykali poyiga gul qo‘yishdi. Kanadalik maktab o‘quvchilari Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova bilan uchrashib, mustaqillikning dastlabki chorak asrida mamlakatda kechgan voqealarning bevosita guvohi bo‘lgan inson xotiralariga maroq bilan quloq tutishdi. Tabiiyki, uchrashuv qizg‘in savol-javoblarga boy kechdi. Namoyish etilgan hujjatli va animatsion filmlar yurtimizning betakror tarixi haqidagi taassurotlarni yanada boyitdi.
Sayohat tashkilotchisi, Kanadadagi o‘zbeklar jamiyati direktori Nodira Yo‘ldosheva shunday deydi: “Kanadalik yoshlarni Vatanimning shonli tarixi va buguni bilan tanishtirish istagi ancha avval paydo bo‘lgandi. 2023 yil sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda O‘zbekistonlik vatandoshlar o‘rtasida Nyu-York shahrida o‘tgan, kamina ham ishtirok etgan uchrashuvda – xorijlik sayyohlar oqimini kengaytirish taklifi bildirilgan edi. Shundan so‘ng Kanadadagi maktablarda bir nechta uchrashuvlar o‘tkazdim, O‘zbekiston, umuman, bu zaminda kechayotgan katta o‘zgarishlar haqida gapirib berdim. Monreal maktablaridan birining o‘quvchilari O‘zbekistonga sayohat qilish istagini bildirishdi. Shu tariqa, mana, safar ham ko‘p kuttirmadi”.

Majmuadagi “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasida namoyishga qo‘yilgan rassomlar, haykaltaroshlar ijod mahsullari, fotosuratlar – mustaqil davlat asoschisi siymosini, uning xarakterini ochib beradi. O‘z xalqining fidoyi, otashqalb farzandi bo‘lgan Islom Karimovning hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi ushbu ko‘rgazma ham xorijlik navqiron mehmonlarda iliq tasavvur uyg‘otdi.
“Taassurotlarimiz bir olam. Bu yurtning odamlari juda mehmondo‘st ekan. Biz safar davomida ajoyib mamlakat – O‘zbekistonni kashf qildik, unga mehrimiz tushdi. Bilamizki, davlatning shakllanishida Birinchi Prezidentning o‘rni katta”, – deydi mehmonlardan biri Anna Chabot.
Kanadalik maktab o‘quvchilari qiziqarli ekskursiya uchun minnatdorchilik bildirib, ummon ortiga o‘zlari bilan serquyosh O‘zbekistonning bir bo‘lagi, ya’ni iliq va yorqin taassurotlarni olib borajaklarini ta’kidlashdi.

T.Qurbonboyev olgan fotolar