2000 yil 12 may. Poytaxtning Yunusobod tumanida, teleminora qarshisidagi maydonda tumonat odam yig‘ilgan. Boisi – bu maskanda muazzam va tabarruk bir majmua – “Shahidlar xotirasi” deya nom olgan yodgorlikning tantanali ochilish marosimi o‘tkazilmoqda edi. O‘rnatilgan ramziy qabrning ham, umuman, majmuani “tabarruk” deb atashimizda ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor.
Bir paytlar xalq orasida “Alvasti ko‘prik” deya sovuq nom olgan joyda – odam zoti hatto kunduz kuni ham yolg‘iz o‘tishga cho‘chigan, hayqirib oqqan Bo‘zsuv atrofidagi tepaliklar haybat solib turgan maskanda – Sho‘rolarning qiynoq mashinasi gurullab ishlab turgan yillari millat oydinlarini shafqatsizlarcha mahv etishgan. Odamlar yuragida mudhish iz qoldirgan qatag‘on yillarida bu ko‘rimsiz jarliklarda xalqimizning minglab asl farzandlari, millat fidoyilari otilgan, bekafan, bejanoza, nom-nishonsiz ko‘mib tashlangan. Ular orasida millatimiz iftixori bo‘lgan Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon singari yuzlab ulug‘ zotlar bo‘lgan. Bevaqt tugagan umrlar, taqdirlar, shahid ketgan jonlar...
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
O‘zbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmad xotiralaridan:
“U joylar tashlandiq, birov yashamaydigan yerlar edi. Elektr yo‘q, kechalari besh-olti xo‘jalikdagina bo‘lgan “beshinchi lampa” deyilgan kerosin chiroq uylarni arang yoritardi. O‘spirin chog‘larimda o‘sha yerda yashaydigan tog‘amning uyiga mehmonga bordim. O‘zim tengi tog‘avachcham, yana ikkita bola bilan kechgacha o‘ynab yurdik. Dabdurustdan ko‘prikdan hech kimni, ot-aravalarniyam o‘tkazmay qo‘yishdi. Bir payt, qosh qorayganda, tepaliklar oralab, silkinib-silkinib yuk mashinasi kela boshladi. Qarindoshim “Ana, yana otiladigan odamlarni olib kelayapti” dedi. Biz qo‘rqqanimizdan jarlikdagi daraxtlar orasiga bekindik. Yuk mashinasi ayni bizning to‘g‘rimizda to‘xtadi va undan odamlarni turtib-surtib tushira ketishdi. Mahbuslardan bittasi yomonroq tushdi shekilli, sho‘rlik dodlab yubordi. Jarlikning tepasiga naq yettita odamni sanab, qator qilib qo‘yishdi. Boshlig‘i ruscha komanda berganidan so‘ng yetti marta miltiq otilgani eshitildi. Mahkumlarning ikki-uchtasi o‘lmay qolgan bo‘lsa kerak, ingrab dodlay boshladi. Ularga yana o‘q uzishdi. Keyin ketmon, belkuraklar bilan o‘sha joyning o‘zida o‘liklarni ko‘mishdi. Biz dag‘-dag‘ qaltirab, ular ketgach, uyga qaytganmiz”.
Bu xotiralarni shunchaki o‘qib bo‘lmaydi. Dahshatga tushasan. Millatning boshiga shunday ko‘rguliklarni solish uchun, uning asl farzandlarini xo‘rlab, bir xalq boshida oz emas-ko‘p emas, naq yetti marta qatag‘on qilichini o‘ynatish uchun – tuzum deganlari nechog‘li makkor va g‘addor bo‘lishi, qay shaytonning yog‘ini yalashi kerak edi...
![]() |
![]() |
Bir vaqtlar – orzusi tushovlangan, qadri qovrilgan, tili tutilgan, dili nola-yu afg‘onga to‘lgan millatning qaddi-yu qadrini aynan Islom Karimov ko‘tardi. Yuqorida tilga olganimiz – “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasining barpo etilishi ana shunday oliyjanob maqsad yo‘lidagi ishlarning in’ikosi edi.
1999-2000 yillarda Birinchi Prezident rahbarligida bu yerda keng qamrovli qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Otib tashlangan qatag‘on qurbonlari jasadlarining qoldiqlari qazib olinib, milliy qadriyatlarimizga mos e’zoz-ehtirom bilan qabristonlarga dafn qilindi.
Roppa-rosa chorak asr oldin barpo etilgan xiyobon markazidagi zangori gumbazni aynan sakkiz ustun ko‘tarib turgani bejiz emas. Bu – milliy jipslik ramzi. Gumbaz peshtoqi ostida “Vatan ozodligi yo‘lida shahid ketganlar xotirasi mangu barhayotdir” so‘zlari bitilgan. Bu hikmat tarixning abadiy haqiqatidan saboq beradi – har qaysi inson hayoti Vatan ozodligi, xalq farovonligi yo‘lidagi ezgu ishlar bilan mazmunlidir.
Yodgorlik markazida naqshinkor milliy bezaklar tortilgan o‘ymakor qabr toshi qo‘yilgan. Bu – Vatanimiz istiqloli, xalqimizning erkin, farovon va barqaror hayotini, bugungi nurafshon kunlarni orzu qilib, jon fido qilgan ajdodlarimizning ramziy qabridir.
Yodgorlik majmui ochilish marosimida Islom Karimovning “Ana shu aziz ajdodlarimizning arvohlari shuncha yillar davomida halovat va orom topmasdan, mana shunday kunlarni kutar edi. Biz ularning ushalmagan orzu-armonlari oldida, oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hali-hanuz dil yarasi bitmagan, ko‘z yoshlari tinmagan, o‘sha ayriliqning dardu g‘ami bilan yashab kelayotgan qavmu qarindoshlari, yaqinlari, zurriyotlari oldida, Yaratgan oldida bugun o‘z insoniy burchimizni ado etmoqdamiz”, degan so‘zlari tarixiy adolat tiklanganining ifodasi edi.
Bu yo‘ldagi harakatlar faqat majmua ochilishi bilan cheklanib qolingani yo‘q. Har yili eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik kuni arafasida bu maskanda el-yurtimiz ozodligi yo‘lida jon fido qilgan bobolarimizning muborak ruhlarini shod etish ezgu an’anaga aylangan. Birinchi Prezidentning 2001 yil 1 maydagi farmoni asosida 31 avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida belgilandi. Ayni shu kuni osh tortilib, qatag‘on yillarida shahid ketgan ajdodlarimiz ruhi poklariga Qur’on tilovat qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 8 noyabrdagi qarori asosida majmua tarkibida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi ham tashkil etildi. U 2002 yil 31 avgustda – mamlakatda ilk bor nishonlangan “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni”da tantanali ravishda ochildi.
2007 yilning 31 avgustida Islom Karimov qatag‘on qurbonlari tarixi va achchiq qismatini yanada kengroq o‘rganish va aks ettirish maqsadida unga qo‘shimcha bino qurish haqida fikr bildirdi. 2008 yil 5 may kuni qabul qilingan Prezident Qarori ijrosi o‘laroq muzeyda katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Uning qayta ta’mirlangan va kengaytirilgan binosi qo‘sh gumbazli, ekspozitsiya uchun mo‘ljallangan 3 ta zaldan iborat bo‘lib, atrofini o‘yma naqshinkor ayvon o‘rab turadi. Ayvonning to‘rt tarafidan 42 ta milliy naqshlar o‘yilgan, bo‘yi 5 yarim metrli ustunlar ko‘tarib turadi. Binoning ekspozitsiya zallari umumiy maydoni 960 kvadrat metrni tashkil etadi. Bugun mingdan ortiq noyob eksponatlarni o‘zida mujassam etgan muzey xalqimiz tarixining achchiq haqiqatlaridan so‘zlamoqda.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bu ezgu ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda: ulug‘ ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan manzillarda keng qamrovli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda, zamonaviy yodgorlik majmualari barpo etilayotir, milliy adabiyotimiz, xalqimiz tarixini o‘rganish va keng targ‘ib etishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Birgina misol: keyingi yillarda O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan 1030 dan ziyod mustabid tuzum qatag‘oniga uchragan vatandoshlarimiz nomi oqlandi. Bu esa tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi yangi qadamdir.
Zotan, davlat rahbari ta’kidlaganidek, “Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanadigan adolatli, erkin va obod jamiyat, xalqparvar davlat, farovon hayot barpo etishga qaratilgan islohotlarimiz jadid bobolarimizning ezgu g‘oya va dasturlariga har jihatdan uyg‘un va hamohangdir”.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, Vatan ozodligi va taraqqiyoti yo‘lida jonlarini tikkan ajdodlar xotirasi mangulikka daxldor ekan, ularning ulug‘ yodini millat ko‘ksida muhrlagan shaxslarning ezgu ishlari ham o‘sha millat ko‘ksida abadul abad qolaveradi.
F.Qurbonboyev fotosuratlari