Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasining bir guruh xodimlari poytaxtdagi O’zbekiston Islom sivilizasiyasi markaziga tashrif buyurib, markaz tasarrufidagi muzey, kutubxona, ilmiy markaz va boshqa bo’limlar faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
SHu yili muqaddas Ramazon hayiti arafasida rasman ochilgan mazkur ulug’vor markaz Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan. Uch qavatdan iborat binoning uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. Gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod.
Inshoot binosi Prezident SHavkat Mirziyoevning me’moriy g’oya va takliflari asosida loyihalashtirilib, barpo qilingan. Markaz qadimiy va milliy me’morchilik an’analari asosida qurilgan bo’lib, unga to’rt tomondan – to’rt asosiy portal orqali kirish mumkin. Ushbu portallar va binoning tashqi ravoqlari ilm-ma’rifat, bag’rikenglik, insoniylik va ota-onaga hurmat mazmunidagi Qur’on oyatlari hamda hadislar bilan bezatilgan.
Bugungi kunda Markaz xorijiy va mahalliy sayyohlar, poytaxt mehmonlari, ziyolilar, o’quvchi va talaba yoshlar, qolaversa, barcha aholi vakillari uchun tom ma’nodagi ma’naviyat va ma’rifat maskaniga aylanib bormoqda.
Yodgorlik majmuasi xodimlarining ushbu maskan bilan tanishuvi davomida – ekskurciyalarni tashkil etish, fondlarni saqlash, restavrasiya ishlarini takomillashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalari, foto va video materiallardan foydalanish masalalari bo’yicha Markaz tajribasi o’rganildi.
Yodgorlik majmuasining ilmiy xodimlaridan tortib ekskursovodlarigacha, fondlarni saqlash bo’yicha mutaxassislaridan to restavratorlarigacha – buyuk yurtimizning shonli moziyi bo’ylab sayohat qilib, bu muazzam maskandan faxr-g’urur tuyg’usi bilan birga, o’zgacha saboq ham olib qaytishdi.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
T.Qurbonboev fotosuratlari











