ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Buyuk yo‘lboshchimiz xotirasi mangu barhayot


27.01.2018

Shu kunlarda mustaqilligimiz asoschisi, Birinchi Prezidentimiz tavalludining 80 yilligi keng nishonlanmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida ham Birinchi Prezidentimiz, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi N.Yo‘ldoshev buyuk davlat arbobi, o‘zbek xalqining ulug‘ va ardoqli farzandi Islom Karimovning bugungi avlodlarga ozod va obod Vatan qoldirish yo‘lidagi mashaqqatli mehnatlari barchaga ibrat va namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Buyuk Yo‘lboshchimiz tarixan qisqa davrda O‘zbekistonni jadal va barqaror sur’atlar bilan rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirdi. U inson o‘zining serqirra va siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida o‘chmas iz qoldirdi. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida»gi qarori mustaqilligimiz me’morining xotirasini abadiylashtirishda muhim qadam bo‘ldi. 

Birinchi Prezidentimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tuzildi. Poytaxtimiz va boshqa hududlardagi markaziy ko‘chalar, muassasalar, jome masjidiga, shuningdek, Toshkent davlat texnika universitetiga, Asaka shahridagi avtomobil zavodiga, Farg‘ona shahridagi San’at saroyiga, Toshkent xalqaro aeroportiga Islom Karimov nomi berildi. Samarqand shahrida Islom Karimov dafn etilgan hududda yodgorlik majmuasi barpo etildi. Toshkent, Samarqand shaharlarida u kishining mahobatli haykallari qad rostladi. Poytaxtimizdagi Oqsaroy qarorgohida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi, Samarqand shahrida Islom Karimov muzeyi tashkil etildi. 

Har yili Birinchi Prezidentimiz tavallud topgan sana – 30 yanvar kuni keng nishonlanib, 2 sentabr kuni Xotira kuni sifatida yod etiladi. Oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasini joriy etish, Birinchi Prezidentimiz hayoti va faoliyati haqida ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli, badiiy filmlar yaratish, u kishining siymosi aks ettirilgan maxsus pochta markalarini chiqarish vazifalari belgilab qo‘yildi. 

Tadbirda Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan xujjatli film namoyish etildi. Birinchi Prezidentimizning zalvorli hayot yo‘li, mamlakatimiz taqdiriga daxldor buyuk ishlari, milliy tariximizda qoldirgan chuqur izi haqida ma’ruzalar tinglandi. 

Go‘zal Sattorova, O‘zA