2018 yil 22-23 yanvar kunlari Urganch va Nukus shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan yubiley tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirlar Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi, Xorazm viloyati hokimligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 27 noyabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil qilindi.
Tadbirlarda so‘zga chiqqan Xorazm viloyati hokimi Ilgizar Sobirov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qaxramon Sariyev, Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi Homiylik Kengashi a’zosi Tatyana Akbarovna Karimova mamlakatimiz rahbariyati tomonidan mustaqil O‘zbekiston Birinchi Prezidenti xotirasini abadiylashtirish masalalariga berilayotgan e’tiborni yuqori baholadilar.
T.A.Karimova mustaqil davlat asoschisi nomi bilan hayotning yangi hayot mazmuni, tinchlik va barqarorlik, bolalarimizning baxtli bugungi kuni va kelajagi bog‘langan mintaqalarda bo‘lib o‘tgan iliq va samimiy uchrashuvlar uchun minnatdorlik bildirdi.
Oqsoqollar, yosh avlod vakillari ham aynan shu haqda fikr yuritishdi. Islom Abdug‘aniyevich Karimov bilan muloqotda bo‘lish va ishlash baxtiga muyassar bo‘lgan kishilar o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Sayyora Sharafovna Rashidova Islom Abdug‘aniyevich Karimovning tashabbusi bilan fuqarolik jamiyati asoslari qurilgani to‘g‘risida so‘zlab berdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili bo‘lib ishlaganida u Prezident Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan avvalambor, inson manfaatlariga asoslangan demokratik, huquqiy davlat shakllantirish g‘oyalarini hayotga tatbiq etgan.
Fan, madaniyat arboblari, faxriylar va neft va gaz sohasi mutaxassislari, jamoatchilik vakillari Islom Abdug‘aniyevich Karimovning mustaqillikni qo‘lga kiritish, “o‘zbek modeli” asosida o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlashdagi tarixiy o‘rni va ahamiyati haqida gapirishdi. Xususan, mamlakatimizning istiqlol yillarida chuqur tarkibiy o‘zgarishlar yuz bergan neft va gaz sohasidagi yutuqlari ta’kidlab o‘tildi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilgan infratuzilmadagi o‘zgarishlar yangi korxonalar joylashtirish va umuman iqtisodiyotni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish imkonini berdi, mintaqalarda boy mineral xomashyo zaxiralarini o‘zlashtirish doirasini kengaytirdi. Bu esa, o‘z navbatida, aholi bandligi darajasini oshirib, ijtimoiy infratuzilma rivojiga sharoitlar yaratdi.
Tadbir ishtirokchilariga Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi. Foto ekspozitsiyasi ham Islom Karimovning ushbu mintaqalar rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida yorqin dalili bo‘ldi.