ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Birinchi Prezidentimiz tashrif buyurgan kollejda shodiyona


01.02.2018

Biz buyuk qomusiy olim Abu Ali ibn Sino tug‘ilgan Afshona qishlog‘ida joylashgan tibbiyot kollejida o‘qiyotganimiz va bilim maskanimizga Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashrif buyurgani bilan faxrlanamiz. 

Buyuk davlat va siyosat arbobi, Birinchi Prezidentimiz tavalludining 80 yilligi munosabati bilan Peshku tumanidagi Afshona tibbiyot kollejida o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbirda o‘quvchilar shunday dil so‘zlarini izhor etdi. 

2007 yilning 14 iyuni mazkur bilim maskani uchun unutilmas kun bo‘lgan edi. O‘shanda bu yerga buyuk Yo‘lboshchimiz tashrif buyurib, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashgan, yoshlarni jamiyatda o‘z o‘rnini topishga, ulug‘ ajdodimiz Abu Ali ibn Sinoga munosib voris bo‘lishga da’vat etgandi. 

Tadbirda mustaqil davlatimiz asoschisining yurtni tanazzul yoqasidan taraqqiyot yo‘liga olib chiqqani, xalqimiz farovonligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgani haqida yoshlarga so‘zlab berildi. Bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar sohada sifat samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. 

Afshona tibbiyot kollejida Peshku, Buxoro, Vobkent, Romitan, Jondor va boshqa tumanlardan 1 ming 700 dan ziyod yosh zamonaviy sharoitlarda ta’lim olmoqda. Tadbirda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda Birinchi Prezidentimiz hayoti va faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi. 

Birinchi Prezidentimiz asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. 

Erkin Yodgorov, O‘zA