ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

BIRINCHI PREZIDENT XOTIRLANDI


08.05.2026

9 may sanasi yurtimizda Birinchi Prezidentimizning 1999 yil 2 maydagi farmoni asosida umumxalq bayrami sifatida nishonlanib, shu kuni millat xotirasini tiklash, urush va qatag‘on qurbonlari ruhini yod etish, inson qadrini ulug‘lash borasidagi qator tadbirlar o‘tkazilishi an’anaga aylangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2026 yil 16 apreldagi “9 may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Unda xotira obidalarini obod etish, nuroniylarni qadrlash, yoshlar qalbida tarixiy xotira va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli vazifalar belgilab berilgani e’tiborlidir.

Sana arafasida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi ham g‘oyat gavjum bo‘ldi. Majmuaga tashrif buyurayotgan yurtdoshlarimiz mustaqillik asoschisi, qolaversa, 9 mayni – Xotira va qadrlash kuni sifatida belgilab bergan buyuk shaxs xotirasini yodga olib, unga hurmat bajo keltirish uchun kelishmoqda.

Bugun YOdgorlik majmuasi jamoasi ham – tashkilot rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov rahbarligida Birinchi Prezidentimiz xotirasini yod etib, Oqsaroy qarorgohidagi Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘yishdi.

T.Qurbonboev olgan fotolar