ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

BIR BINO TARIXI: QABULLAR UYIDAN – KUTUBXONAGACHA


14.07.2025

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasidagi tarkibiy tuzilmalar haqida ma’lumot berishda davom etamiz. Bugun ulardan biri – Islom Karimov nomidagi kutubxona va u joylashgan bino to‘g‘risida hikoya qilsak.
Binoning tarixiy ahamiyati shundaki, u Birinchi Prezident Islom Karimov O‘zbekiston rahbari etib saylangan dastlabki davrda bunyod etilgan me’moriy obidalardan biri bo‘lib, Oliy Kengashning 1991 yil 31 avgustdagi tarixiy oltinchi sessiyasi o‘tgan binoning shundoq yonginasida, Toshkentning mashhur Anhori bo‘yida, tevarak atrofini majnuntollar qurshagan soya-salqin va bahavo hududda joylashgan. Dastlab “Qabullar uyi” deb atalgan ushbu inshoot loyihasining mualliflari – A.To‘xtayev va D.Kim hisoblanadi. 1990 yilda barpo qilingan bino sobiq Ittifoqda hukm surgan – mahobatli, marmar qoplamali yagona total ko‘rinishni ham, endigina shakllanayotgan milliy me’moriy yo‘nalishlar bo‘lmish – sharqona ornamentalistika va klassitsizmni ham, shuningdek, barokko, modernizm, konstruksivizm kabi uslublarni ham birdek uyg‘unlashtirgani bilan xarakterli. Shu jihati bilan ham tarixiy u, keyin bunaqasi umuman qurilmagan.

Istiqlolning dastlabki yillarida bu binodan o‘zining ilk nomlanishiga mutanosib foydalanildi: mamlakat Prezidenti keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi, O‘zbekistonga tashrif buyurgan chet el delegatsiyalar rahbarlari bilan muzokaralar olib bordi, xorijiy elchilardan ishonch yorliqlarini qabul qildi... Keyinroq, bu kabi tadbirlar – 1999 yilda qurib bitkazilgan “Oqsaroy” qarorgohiga ko‘chirilgach, bino O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati ixtiyoriga berildi. Aynan shu yerda Birinchi Prezident tomonidan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumanlari va brifinglar o‘tkazilgan.
Va nihoyat, uch qavatli, mahobatli bu binoning “peshonasiga” – bir zamonlar faoliyat ko‘rsatgan o‘sha buyuk shaxs nomi bilan ataluvchi kutubxona uchun makon bo‘lish yozilgan ekan. Shunday bo‘ldi ham. Ma’lumki, ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi qoshida 2018 yildan Islom Karimov nomidagi kutubxona faoliyat olib bormoqda. 2022 yilda esa kutubxona binosi to‘liq ta’mirlandi va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Xozirgi kunda kitobxonlarga avtomatlashtirilgan kutubxona tizimi sifatida hizmat qilayotgan mazkur ziyo maskanining har uchala qavatidagi –kitobxonlarni qayd etish zonasi, ta’lim zonasi, Kovorking markazi, elektron va umumiy o‘quv zallari, bosma nashrlarni raqamlashtirish bo‘limi hamda anjumanlar zali – kitobxonlar xizmatida.

Umumiy jamg‘armasi 50 mingdan ortiq kitob, 30 mingdan ortiq jurnallardan tashkil topgan, to‘liq matnli elektron kitoblar soni 3 ming, audio kitoblar soni esa 100 dan ortiqni tashkil etadigan kutubxona IRBIS 64+ elektron axborot tizimi, interaktiv ekranlar, portativ skanerlar, infokiosk, foto-videokameralar va boshqa texnik uskunalar bilan to‘liq ta’minlangan.
Uning boshqa kutubxonalardan farqli yana bir o‘ziga xosligi shundan iboratki, o‘quv zalida – bir paytlar Islom Karimovning shaxsiy kutubxonasida saqlangan, dunyoning taniqli shaxslari, siyosatchilari va arboblari, shoir va yozuvchilari Birinchi Prezidentimizga o‘z dastxatlari bilan bilan sovg‘a qilishgan kitoblarning asl nusxalari saqlanadi. Ularni esa kutubxonaga – bu yerda muntazam ravishda uchrashuv va muloqotlar o‘tkazib turadigan fidoyi inson – Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova tuhfa etgan. Xullas, kutubxona bo‘ylab sayr qilsangiz, butun boshli tarix tilga kirgandek tuyuladi.

Bugungi kunda bu maskan faqat qiroatxona vazifasini bajaribgina qolmasdan, kutubxonada turli ilmiy-amaliy konferensiya va xotira kechalari, muzokaralar, uchrashuv va mashvaratlar o‘tkazib kelinadi.
Ulug‘ inson nomi bilan ataladigan, har burchida o‘sha shaxs bilan bog‘liq ezgu ishlar, qolaversa, uning o‘chmas xotirasi saqlanib qolgan – Islom Karimov nomidagi kutubxona faoliyatiga razm solib, buyuk allomalarimizdan birining quyidagi mashhur misralari xayolga keladi:
“Qololmas jahon ichra mangu kishi,
Faqat qolgusi yaxshi nomu ishi”.

Farhod Qurbonboyev va Temur Qurbonboyev fotosuratlari