“Men shu bugundan e’tiboran, 1 sentyabrni jumhuriyatimizda Mustaqillik kuni – umumxalq bayrami deb e’lon qilishni taklif etaman”.
Har yili ayni shu kunlarda televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlar orqali qayta-qayta eshitadiganimiz – O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ayni so‘zlarini tinglaganda, yurak qaytadan orziqib ketadi. Va har safar 33 yil oldin kechgan o‘sha dolg‘ali, o‘sha farahbaxsh onlar – yaqin tarix qatlari aro ko‘z o‘ngingda bor bo‘y-basti bilan gavdalanaveradi.
Ha, takror-takror aytilib, ongu shuuringning bir burchidan muqim o‘rin olgan sana o‘sha – 1991 yil 31 avgust. Ha, o‘sha tarixiy anjuman – O‘zbekiston Oliy Kengashining XII chaqiriq navbatdan tashqari VI sessiyasi. Davlat mustaqilligining e’lon qilinishi, “O‘zbekiston mustaqilligi asoslari to‘g‘risida” gi Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi...
Gap – bu takror uqtirilgan ta’kidlarda emas. Gap – ayni sana-yu voqeliklarni – tarixni tilga kirdirmoq qasdida, solnoma tarzida bitish shartligida ham emas. Gap shundaki, o‘tgan 33 yil mobaynida bu bayram ham, bu sana ham – e’tiqodimizning ajralmas bir qismiga aylanib ulgurdi, qadriyatimizdan, siyratimizdan sira o‘chmas bo‘lib o‘rin oldi. Balki bugungi avlod 33 yil muqaddam kechgan voqealarni tasavvur qila olmas, balki mustaqillik davrida tug‘ilib, kamolga yetayotgan bu yoshlar mustabid tuzum neligini bilmas. Azbaroyi o‘shalarning istiqboli, tarbiyasi uchun ham “Eng ulug‘, eng aziz” deya tavsiflaydiganimiz – ayyomni har qancha sharaflasak, oz.
Darvoqe, bosh bayramimizni ilk bor shundoq ta’riflagan ham, “Mustaqillik bu eng avvalo – huquq degani”, deya, o‘sha oliy huquqni bizga olib bergan ham, “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart”, degan talab qo‘yib, istiqlol zurriyodlaridan borini ayamagan ham, “Bizdan ozod va obod Vatan qolsin”, deb, umrini shu buyuk ishga baxsh etgan shaxs ham – Islom Karimov bo‘ladi.
Bu ne sinoat, ramziylik bo‘ldiki, bugun – har qancha sharaflasak ham ozlik qiladigan buyuk bayramimiz arafasida – Istiqlol asoschisi nomini ham, mana, 8 yildan buyon xotirlay boshladik. Darvoqe, bir necha o‘n yillar oldin uning o‘zi 31 avgustni – “Qatag‘on qurbonlari xotirasi kuni” sifatida belgilab bergan edi. Ajab uyg‘unlik: bira to‘la uchta sana. Sana bo‘lgandayamki..
Umrni shu Vatan va uning saodati yo‘lida tikish bo‘lsa, shunchalar bo‘lar!..
Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni – baralla ayta oladiganimiz – eng ulug‘, eng aziz bayramimiz bilan qutlaymiz!
Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!